Shavkat Mirziyoyev Samarqanddagi “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro turizm markaziga tashrif buyurdi

16:20 22 Mart 2025 Siyosat
227 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqanddagi «Buyuk ipak yoʻli« xalqaro turizm markaziga tashrif buyurib, olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari, yaratilayotgan sharoitlar bilan tanishdi.

Soʻnggi yillarda eng zamonaviy standartlarga mos infratuzilma yaratilgani tufayli Samarqand shahri xalqaro miqyosdagi yirik tadbirlar – oliy va yuqori darajadagi sammitlar, konferensiya va kongresslarning anʼanaviy mezboniga aylandi.

2022-yilda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Buyuk ipak yoʻli” majmuasi bunyod etilgani bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqib, Samarqandning xalqaro markaz sifatidagi salohiyatini yanada oshirdi.

Bugun Prezident ushbu xalqaro turizm markaziga tashrif buyurib, olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari, yaratilayotgan sharoitlar bilan tanishdi. Majmuada xorijiy delegatsiyalar va sayyohlarga xizmat koʻrsatish sifatini oshirish, qulayliklarni kengaytirishga qaratilgan muayyan ishlar olib borilmoqda, qator yangi obyektlar qurilmoqda.

Jumladan, markaz hududida umumiy maydoni 1150 kvadrat metr boʻlgan yirik konsert zali barpo etilmoqda. 100 kishini qabul qila oladigan madaniyat maskani zamonaviy akustika uskunalari bilan jihozlanmoqda.

Prezidentimiz xorijiy delegatsiyalar, ikki tomonlama uchrashuvlar uchun qulayliklarni oshirish boʻyicha tavsiyalar berdi.

Shu yerning oʻzida Samarqand viloyati hokimi hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi yuzasidan davlatimiz rahbariga hisobot berdi.

Taʼkidlash joiz, joriy yilda Samarqandda yirik xalqaro anjumanlar boʻlib oʻtadi. Bugungi kunda “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti va Iqlim forumi, “Markaziy Osiyo – Koʻrfaz arab davlatlari” sammiti, YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasini oʻtkazishga qizgʻin tayyorgarlik koʻrilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер