Shavkat Mirziyoyev qoraqalpogʻistonlik saylovchilar bilan uchrashdi (Fotoreportaj)

16:37 21 Sentyabr 2021 Siyosat
1553 0

Maʼlumki, shu yil 24-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi boʻlib oʻtadi. 20-sentyabrdan nomzodlarning saylovoldi tashviqoti boshlandi.

Shavkat Mirziyoyevning saylovchilar bilan uchrashuvi Qoraqalpogʻistondan boshlandi. Shu maqsadda Prezidentimiz 21-sentyabr kuni Nukusga tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbari dastlab Nukus shahridagi «Shorsha baba» qabristoniga borib, Musa Yerniyazov maqbarasini ziyorat qildi.

Qurʼon tilovat etildi.

Musa Yerniyazov koʻp yillar Qoraqalpogʻiston Joʻqorgʻi Kengesi Raisi lavozimida ishlagan. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining oʻrinbosari, Oʻzbekiston Qahramoni boʻlgan.

Prezidentimiz koʻrsatmasiga muvofiq, marhum xotirasiga maqbara barpo etildi. Bugun bu joy obod ziyoratgohlardan biriga aylangan.

Shundan soʻng, davlatimiz rahbari Qoraqalpogʻistonning Boʻzatov tumaniga yoʻl oldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Boʻzatov tumaniga kelib, “Yoshlik” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi Juginis Jumanazarov xonadonida mehmon boʻldi.

Juginis ogʻa rafiqasi Salima opa bilan besh qizni tarbiyalab voyaga yetkazgan. Ular taʼlim, madaniyat, qishloq xoʻjaligi, iqtisodiyot sohalarida faoliyat yuritmoqda. Kenja qizi Ulzoda Jumanazorova karate boʻyicha Oʻzbekiston chempioni.

Davlatimiz rahbari oilaning turmush tarzi, ular timsolida butun boʻzatovliklarning yashash sharoitlari bilan qiziqdi.

Oila tomorqadan unumli foydalanmoqda. Issiqxona tashkil etilgan, mevali daraxtlar va poliz mahsulotlari yetishtirilmoqda.

— Boʻzatovda azaldan mirishkor odamlar yashaydi, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Yeri unumdor, shoʻri yoʻq. Lekin uzoq yillar imkoniyatlar tahlil qilinmay, biroz eʼtiborsiz qolgandi. Boʻzatov xalqidan qarzimiz bor edi. Eng yaqin markaz — Kegeyli tumani markazigacha salkam 100 kilometr edi. Endi shu yerning oʻzida sharoit yaratib, davlat xizmatlarini yoʻlga qoʻyib, ish oʻrinlari tashkil etishga harakat qilyapmiz. Tadbirkorlarni ishontirib, subsidiya bersak, infratuzilmani yaxshilab, aholini koʻchib kelishga jalb etsak, bu hudud katta imkoniyatlarga ega.

Boʻzatov tumani davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2019-yilda qayta tashkil etilgan edi. Keyingi ikki yilda bu yerda koʻp qavatli uylar, savdo majmualari, ming oʻrinli amfiteatr, sport maydoni, Yoshlar markazi qurildi, yoʻllar taʼmirlandi. Toʻqimachilik korxonasi ish boshladi.

Xonadondan chiqishda boʻzatovlik ekologlar, mahalliy aholi vakillari bilan muloqot boʻldi.

— Ichki imkoniyatlardan foydalanib, tinimsiz harakat qilmasak, natija boʻlmaydi. Shuning uchun Boʻzatov tumanini rivojlantirish boʻyicha alohida qaror qabul qilish maqsadidamiz. Masalan, tumanda 11 ming gektar unumdor yer foydalanilmay turibdi. Endi bu joyni ilgʻor viloyatlardan biriga biriktirib, nasoslarini tiklab, yaxshi nasl va navlar olib kelib, yetishtirilgan mahsulotlarni sotib oladigan tizim tashkil etamiz, — dedi Prezident.

Boʻzatovliklar hududdagi oʻzgarishlarni aytib, bu boradagi eʼtibori uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

Safar davomida turli maskanlarga tashriflar rejalashtirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?