Shavkat Mirziyoyev Qatar Amiri bilan telefon orqali muloqot qildi
Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-sentyabr kuni Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan telefon orqali muloqot qildi.
O‘zbekiston – Qatar strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarining dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari yaqinda Isroil tomonidan Qatar poytaxti Doha shahriga uyushtirilgan raketa zarbalarini keskin qoraladi. Qatar mustaqilligi va suverenitetini buzadigan, uning xavfsizligiga tahdid soladigan bunday nomaqbul xatti-harakatlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi, xalqaro huquqning asosiy qoida va tamoyillariga zid ekani qayd etildi.
O‘zbekiston xalqaro munosabatlarda kuch ishlatishning har qanday shakliga va Yaqin Sharqdagi vaziyatning yanada keskinlashishiga olib keladigan qadamlarga qarshi ekani ta’kidlandi.
O‘zbekiston Prezidenti Qatar tashabbusi bilan chaqirilayotgan navbatdan tashqari arab-islom sammitining muvaffaqiyatli o‘tishini tiladi.
Qatar Davlati Amiri, o‘z navbatida, ko‘rsatilgan birdamlik va qo‘llab-quvvatlov uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.
Telefon muloqoti chog‘ida faol siyosiy aloqalarni davom ettirish va ikki mamlakat yetakchi kompaniyalarining kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish bo‘yicha o‘zaro muvofiqlashgan choralar ko‘rish masalalari ham muhokama qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida Samarqand maktabining yangi nafasi
- Lamin Yamal “Barselona”ni tark etishi mumkin
- Ish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi
- Har bir hududda “Kasaba uyushmalari bogʻlari” tashkil etiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring