Shavkat Mirziyoyev: Prezidentdan boshlab barcha-barcha rahbarlar yil boʻyi tadbirkor bilan doimiy muloqotda boʻladi

12:28 20 Avgust 2024 Siyosat
247 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Nukus shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti boʻlib oʻtmoqda. Unda davlat rahbari Prezidentdan boshlab Bosh vazir, Bosh vazir oʻrinbosarlari, vazirlar, hokimlar, Savdo-sanoat palatasi, Biznes ombudsman – barcha-barcha rahbarlar yil boʻyi tadbirkor bilan doimiy muloqotda boʻlishini taʼkidladi.

Tadbirkorlar koʻtargan 700 dan ortiq masala, tashabbus va yangi loyihalar qoʻllab-quvvatlandi, 8 trillion soʻm qoʻshimcha mablagʻ ajratildi. Sanoat, qishloq xoʻjaligi, xizmatlar rivoji, tadbirkorlik infratuzilmasi uchun yana 18 trillion soʻm yoʻnaltirildi.

Eng muhimi – mahalladagi mikroloyihadan tortib, megaloyihagacha qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yangi tizim yoʻlga qoʻyildi.

Ilgari kredit, bozor topish, infratuzilma bilan bogʻliq muammolar, tinimsiz “tekshir-tekshirlar” sababli 60 foiz yangi tadbirkorlar faoliyati birinchi yilning oʻzidayoq toʻxtab qolar edi.

Hozir esa uch yildan ortiq ishlayotgan korxonalar ulushi 76 foizni tashkil etib, ilk bor 300 mingtaga yetdi. Yana 100 mingdan ziyod shunday yakka tartibdagi tadbirkorlar bor.

Bu yilning oʻzida tadbirkorlarning tovar aylanmasi oʻtgan yilga nisbatan 25 foizga koʻpayib, 986 trillion soʻmga yetdi.

Yillik aylanmasi 10 milliard soʻmdan 100 milliard soʻmgacha boʻlgan oʻrta korxonalar 2 karra koʻpaydi.

Aylanmasi 100 milliard soʻmdan ortiq yirik korxonalar esa 2 ming 200 tadan oshdi. Bu ham oʻtgan yilga nisbatan 2 baravar koʻp boʻldi.

Soliq, bank, moliya, butun iqtisodiyot kompleksi “mahallabay” va “mijozbay” ishlashni boshlagani natijasida oldin zarar bilan ishlagan 16 ming korxona yarim yilda 6,5 trillion soʻm foydaga chiqdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?