Shavkat Mirziyoyev ogʻir atletika hamda mahallalarda futbol infratuzilmasini rivojlantirishga oid taqdimot bilan tanishdi

21:11 15 Mart 2024 Siyosat
824 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev yurtimizda ogʻir atletikani hamda mahallalarda futbol infratuzilmasini rivojlantirishga oid taqdimot bilan tanishdi.

Aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, yoshlarning vaqtini mazmunli oʻtkazishda sport katta oʻrin egallaydi. «Besh tashabbus» olimpiadasi, respublika chempionatlari doirasida u keng koʻlam kasb etmoqda. Shu bilan birga, olimpiya sport turlarini rivojlantirib, mahoratli sportchilarni tayyorlashga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Xususan, «Oʻzbekiston – 2030» strategiyasini «Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturida ogʻir atletika boʻyicha barcha yosh toifasidagi sportchilar bilan individual ishlash tizimini yaratish hamda ularni professional darajada tayyorlash uchun Ogʻir atletika markazi tashkil etish vazifasi belgilangan.

Ushbu markaz Sport vazirligi huzurida Chirchiq shahrida tashkil etiladi. U ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasasi boʻlib, 7-11-sinf bolalarga saboq beriladi. Ular ilgʻor usullar asosida terma jamoalarga asosiy nomzod sifatida tayyorlanadi. Markaz 2025/2026 oʻquv yilidan faoliyat boshlashi koʻzda tutilgan.

Shuningdek, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashining homiyligida Ogʻir atletika sport klubi tashkil etiladi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Namangan, Toshkent va Samarqand viloyatida hududiy maktablar ochiladi.

Umuman, bu yoʻnalishni rivojlantirish maqsadida uch yillik dastur ishlab chiqildi. Unda yoshlarning ogʻir atletikaga qiziqishini oshirish, hududlarda sportchilar uchun yetarli sharoitlar yaratish, seleksiya jarayonlarini raqamlashtirish, malakali xorijiy mutaxassislarni jalb etib, ilgʻor tajribalarni oʻzlashtirish kabi vazifalar qamrab olingan.

Ogʻir atletikani ommalashtirish maqsadida 3 bosqichli musobaqalar, Markaziy Osiyo va «Uzbekistan Open» ochiq chempionatlarini oʻtkazish rejalashtirilgan.

Yurtimizda eng ommaviy sport turi bu futbol. Shu bois mahallalarda futbol infratuzilmasini rivojlantirish va tarmogʻini kengaytirish maqsad qilingan.

Buning uchun mahallalarda mavjud stadionlar va boshqa sport maydonchalaridan samarali foydalaniladi. Ular yoʻq joylarda davlat-xususiy sheriklik asosida shunday inshootlar barpo etiladi. Erkaklar va ayollarning turli yosh toifalari oʻrtasida mahalla terma jamoalari tuziladi. Iqtidorli yoshlar aniqlanib, professional futbol muassasalariga yoʻnaltiriladi.

Bu borada mahalladagi yoshlar yetakchilariga Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasining hududiy boʻlinmalari va sport maktablari koʻmaklashadi.

Shuningdek, joriy yildan boshlab, Angliya maktablari futbol assotsiatsiyasi tajribasi asosida, 8-11-sinf oʻquvchilari orasidan maktab futbol yetakchisi tanlab olinadi. 12-15 yoshlilar oʻrtasida ikki bosqichli «Mahalla ligasi» hamda 16-30 yosh toifalari orasida uch bosqichli Davlat xavfsizlik xizmati kubogi musobaqalarini oʻtkazish yoʻlga qoʻyiladi.

Bular mahallalardan boshlab futbol infratuzilmasini rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni tanlash va qoʻllab-quvvatlash, milliy terma jamoalar uchun sifatli zaxira shakllantirishga xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbari bu takliflarni maʼqullab, yoshlar oʻrtasida sport va doʻstlik muhitini mustahkamlash, musobaqalarni yuqori tashkiliy darajada oʻtkazish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?