Shavkat Mirziyoyev Xitoyning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv oʻtkazdi

17:31 11 Iyun 2025 Siyosat
166 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoyning “China State Construction”, “China General Nuclear Power”, “CAMCE”, “Goldwind” va “ZTO Express” kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Davlatimiz rahbari Xitoy biznesining Oʻzbekistonga qiziqishi har doimgidek yuqori ekanini mamnuniyat bilan qayd etdi. Oʻtgan yilning oʻzida ushbu mamlakatdan jalb qilingan investitsiyalar hajmi 10 milliard dollardan oshdi.

“China State Construction” kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Chjen Syuesyuan bilan suhbatda Toshkent shahrida yoʻl infratuzilmasini modernizatsiya qilish borasidagi hamkorlik natijalari yuksak baholandi. Toshkent shahrida madaniyat obyektlarini tashkil etish boʻyicha istiqbolli rejalar muhokama qilindi.

Toshkent viloyatida sanoat zonasini barpo etish loyihasini boshlash hamda kompaniya avtomobil yoʻllari qurilishida ishtirok etishi toʻgʻrisida kelishib olindi.

“China General Nuclear Power” korporatsiyasi raisi Yan Chanli bilan muzokaralarda togʻ-kon sanoatida sheriklikni mustahkamlash masalalari diqqat markazida boʻldi. Geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirish va yangi konlarni oʻzlashtirishga qiziqish bildirildi. Kompaniyaning gibrid quyosh elektr stansiyasini qurish va bojxona yuklarini skanerlash texnologiyalarini joriy qilish rejalari qoʻllab-quvvatlandi.

“CAMCE” korporatsiyasi raisi Van Bo bilan poytaxtimizda Olimpiya shaharchasini barpo etish boʻyicha birgalikda amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi. Kompaniya boshqaruvida Toshkent shahridagi “Yangi avlod” industrial texnoparki jadal rivojlanayotgani qayd etildi.

Qoʻshma tashabbuslar portfelini kengaytirish, xususan, elektr energetikasi va Yangi Toshkent shahrini infratuzilmaviy rivojlantirish loyihalarini jadallashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.

“Goldwind” kompaniyasi raisi Vu Gang bilan kompaniyaning “yashil” energetikani rivojlantirishdagi ishtiroki yuzasidan fikr almashildi. Oʻzbekistonda kompaniya bilan birgalikda shamol elektr stansiyalari uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan.

Shamol generatorlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va joriy loyihalarni faollashtirishga kelishib olindi.

“ZTO Express” kompaniyasi rahbari Xu Syanlyan davlatimiz rahbariga Oʻzbekistonda tovarlarni bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazishga koʻmaklashish boʻyicha onlayn platformani ishga tushirish va “aqlli” logistika omborlarini tashkil etish niyati haqida maʼlumot berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер