Shavkat Mirziyoyev Fransiya elchisini mukofotladi
Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14-avgust kuni mamlakatimizdagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Fransiya Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi Oreliya Bushezni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari Fransiya elchisining samarali faoliyati hamda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish va mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy hissasini alohida qayd etdi.
Bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi o‘zaro tashriflar O‘zbekiston-Fransiya hamkorligini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, uning kun tartibini aniq mazmun bilan boyitishga xizmat qilgani ta’kidlandi.
Turli darajalarda tizimli muloqot va faol aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Savdo-iqtisodiy sohada sezilarli muvaffaqiyatlarga erishildi: keyingi yillarda tovar ayirboshlash 4 barobar ko‘paydi, Fransiyaning yetakchi kompaniya va tashkilotlari bilan umumiy qiymati 10 milliard dollardan ziyod loyihalar amalga oshirilmoqda.
Ta’lim, sog‘liqni saqlash va madaniy-gumanitar almashinuv sohalarida muhim dasturlar amalga oshirilmoqda. Luvr muzeyi va Arab dunyosi institutida ko‘rgazmalar katta muvaffaqiyat bilan o‘tdi.
Parij shahri yaqinida Beruniy haykali ochildi. Fransiya poytaxtidagi ko‘chaga Samarqand nomi berildi. Joriy yilda Toshkent shahrida O‘zbekiston-Fransiya universiteti o‘z ishini boshlaydi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Prezidenti Fransiya Favqulodda va Muxtor Elchisi Oreliya Bushezga mamlakatlarimiz o‘rtasida do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasi uchun "Do‘stlik" ordenini topshirdi.
Elchi xonim uning diplomatik missiyasi yuksak baholangani hamda O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani uchun davlatimiz rahbariga samimiy minnatdorlik bildirdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Ilm-fan sohasida xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlarga bagʻishlangan anjuman
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Milliy naqshlarda oʻzligimiz namoyon
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring