Shavkat Mirziyoyev yerlarni auksion orqali sotishni soddalashtirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi

21:07 30 Noyabr 2022 Siyosat
735 0

Foto: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev yerlarni auksion orqali sotishni soddalashtirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Rivojlangan mamlakatlarda yer eng yaxshi mulk va biznes asosi. Soʻnggi yillarda yurtimizda ham bu sohada shaffoflik va raqobat taʼminlangani natijasida yer bozor aktiviga aylanmoqda. Shu maqsadda 2021-yil 15-noyabrda “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida” qonun qabul qilindi. Bu qonun talablari Vazirlar Mahkamasining joriy yil 14-fevraldagi qarori bilan izchil yoʻlga qoʻyildi.

Shundan buyon oʻtgan vaqtda, yaʼni 2022-yil fevral-oktyabr oylarida tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyati uchun “Yerelektron” axborot tizimi orqali 48 mingta yer uchastkasi auksion savdolariga chiqarilgan. Yuridik va jismoniy shaxslar foydalanib kelayotgan 5 mingga yaqin yer uchastkasini xususiylashtirish boʻyicha ijobiy xulosa berilgan.

Shu bilan birga, amaldagi ishlar tahlili bu tizimda ayrim kamchiliklar borligini koʻrsatdi. Masalan, auksionga chiqarish taklif etilgan 12 mingtadan ziyod uchastka qishloq xoʻjaligi yerlarida yoki muhofaza hududda joylashganligi aniqlangan. Boʻsh yer uchastkalari “Yerelektron” axborot tizimiga faqat qurilish boʻlimlari tomonidan kiritilayotgani sababli, hamma boʻsh yerlarni topish jarayoni toʻliq qamrab olinmayapti. Shu bois bu ishlarni hududiy qurilish boʻlimlari va kadastr organlari birgalikda amalga oshirishi taklif etilmoqda.

Amaliyotda qiyinchilik tugʻdirayotgan yana bir muammo yerlarni auksionga chiqarish bosqichlari koʻpligi. Hozirgi kunda bu 13 ta bosqichdan iborat boʻlib, ijara huquqi bilan yer olishda 48 ish kuni, mulk huquqida 74 ish kunigacha vaqt ketmoqda. Shu bois yerni auksionga chiqarish bosqichlarini 8 taga tushirib, muddatlarini tegishlicha 16 va 22 ish kunigacha qisqartirish mumkinligi aytildi.

Ayrim shaharchalarning bosh rejasi yoʻqligi ham jarayonni sekinlashtirmoqda. Shuning uchun bunday joylarda yerlarni hududiy arxitektura va shaharsozlik kengashi bilan kelishgan holda, master-reja asosida auksionga chiqarish taklifi bildirildi.

Kichik sanoat zonalarining hududi esa aniq. Shu bois ulardagi yerlarni bosh rejada nazarda tutilgan lotlarga muvofiq, sodda tartibda tadbirkorlarga berish zarurligi taʼkidlandi.

Aholi oʻzi foydalanib kelayotgan yerlarni xususiylashtirishi mumkinligi yaxshi imkoniyat. Hozirda buning toʻlovi yillik yer soligʻining 20 baravari miqdorida. Prezidentimizning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda bergan koʻrsatmalariga muvofiq, bu qiymat Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida yer soligʻining 10 baravari, boshqa hududlarda 5 baravari miqdorida belgilanmoqda.

Davlatimiz rahbari taklif etilgan chora-tadbirlarni maʼqullab, aholi va tadbirkorlarga yengillik yaratish, yerlardan samarali foydalanishni tashkil etish boʻyicha qoʻshimcha topshiriqlar berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер