Shavkat Mirziyoyev “Bunyodkor” stadioniga tashrif buyurib, futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi oʻyinini tomosha qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-iyun kuni “Bunyodkor” stadioniga tashrif buyurib, futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi oʻyinini tomosha qildi.
Bu oddiy oʻyin emas, oʻzbek futbolining katta bayrami. Jahon chempionati saralash bosqichining soʻnggi uchrashuvi. Lekin mohir sportchilarimiz mundial yoʻllanmasini muddatidan oldin naqd qilib qoʻygan – Oʻzbekiston milliy terma jamoasi tarixda ilk bor futbol boʻyicha jahon chempionatida ishtirok etadi!
Buni futbolsevar xalqimiz koʻp yillar orziqib kutgan edi. Terma jamoamiz bundan oldin yetti marta saralashlarda qatnashib, mundialga chiqa olmagandi. Har doim yo taqvim, yo gollar nisbati, yo mahorat yetishmasligi sabab boʻlib qolaverardi.
Hech qanday sabab-bahonaga oʻrin qolmasligi uchun esa futbolchilar kuchli boʻlishi kerak, poydevor mustahkam boʻlishi kerak. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 16-martdagi qarori bilan, 2018-2022-yillarda futbolni yanada rivojlantirish dasturi qabul qilingan edi. Isteʼdodli yoshlarni tanlash, keyinchalik professional etib tayyorlash hamda milliy terma jamoalar zaxirasini yaratish maqsadida 14 ta hududda bolalar va oʻsmirlar futbol akademiyalari tashkil etildi. Mashgʻulot va musobaqalarda sifat oshdi. Murabbiylar, hakamlar va boshqa mutaxassislarga eʼtibor kuchaydi.
2019-yil 4-dekabrda Prezidentimiz “Oʻzbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” farmon imzoladi. Unda klublar faoliyatini rivojlantirish, xalqaro darajadagi mutaxassislar tayyorlash, terma jamoalarning oʻquv-mashgʻulot jarayonini zamonaviy tashkil etish, mamlakatimizda nufuzli musobaqalar oʻtkazish maqsadlari belgilangan edi. 2023-yil 8-aprelda qabul qilingan ommaviy va professional futbolni har tomonlama rivojlantirishga oid Prezident qarori ham katta ahamiyatga ega boʻldi.
Bunday eʼtibor va tizim tufayli birin-ketin natijalar kela boshladi. 2018-yilda U-23 jamoamiz Xitoyda, 2023-yilda U-20 futbolchilarimiz Oʻzbekistonda oʻtgan musobaqalarda Osiyo chempionligini qoʻlga kiritdi. Yurtimizda FIFA va OFK dasturidagi turnirlarni oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi.
2024-yilda oʻzbek futboli rivojida yangi sahifa ochildi – 23 yoshgacha boʻlgan terma jamoamiz birinchi marta Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etdi.
Yutuq va xursandchiliklar bu yil ham davom etmoqda. Yaqindagina, aprel oyida Caudiya Arabistonida oʻtgan musobaqada 17 yoshgacha boʻlgan oʻsmirlarimiz Osiyo kubogini qoʻlga kiritib, jahon chempionatiga yoʻllanma olgan edi. Mana endi asosiy terma jamoamiz ham yangi tarix yaratdi.
Oʻzbekiston ushbu 3-saralash bosqichining “A” guruhidan oʻrin olgan edi. Qariyb bir yil mobaynida Eron, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari, Qirgʻiziston, Shimoliy Koreya futbolchilari bilan bahs olib borildi. 5-iyun kuni oʻtgan BAA – Oʻzbekiston oʻyinida durang qayd etildi. Natijada 9-tur yakunlariga koʻra, terma jamoamiz ochkolari soni 18 taga yetdi va jahon chempionatiga chiqish kafolatlandi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu munosabat bilan yoʻllagan tabrigida futbolchilarimiz chinakam jasorat va matonat namunasini koʻrsatib, xalqimiz orzusini roʻyobga chiqarganini taʼkidladi.
Aminman, bu tarixiy yutuq xalqimizni ezgu maqsadlar yoʻlida yanada birlashtiradi, ming-minglab yoshlarimiz uchun ilhom manbaiga, ibrat timsoliga aylanadi, Yangi Oʻzbekistonning xalqaro obroʻ-eʼtiborini yanada oshirishga xizmat qiladi, — dedi davlatimiz rahbari.
Chindan ham, bu tarixiy voqea butun xalqimizni birlashtirdi, quvontirdi. Shu bois ham soʻnggi turdagi Oʻzbekiston — Qatar oʻyini bayramga aylanib ketdi.
Uchrashuv oʻz jonkuyarlari oldida oʻynagan hamyurtlarimizning toʻliq ustunligida oʻtdi. Yakunda Oʻzbekiston 3:0 hisobida gʻalaba qozondi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 6-iyundagi farmoniga muvofiq, Vatanimiz tarixida birinchi marta jahon chempionati yoʻllanmasini qoʻlga kiritgani, yosh avlodni sportga mehr va milliy gʻurur ruhida tarbiyalashga qoʻshgan hissasi uchun futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi aʼzolari va murabbiylaridan bir guruhi mukofotlangan edi. Oʻyindan keyin ushbu mukofotlarni topshirish marosimi boʻldi. Davlatimiz rahbari qahramon sportchilarimizga faxriy unvon, orden va medallarni topshirdi. Shuningdek, terma jamoamiz aʼzolari va mutaxassislariga BYD avtomobillari sovgʻa qilindi.
Prezidentimiz bilan oʻyinni Bolgariya Prezidenti Rumen Radev va Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari hukumat rahbarlari birgalikda kuzatdi.
Futbol bayrami dronlar va mushaklar shousi bilan yakunlandi.
2026-yilgi jahon chempionati 11-iyundan 19-iyulgacha AQSH, Kanada va Meksikada boʻlib oʻtadi. 48 ta jamoa 12 ta guruhga boʻlinib bahs olib boradi. Guruhlarda birinchi-ikkinchi oʻrinni egallaganlar hamda natijalari eng yaxshi 8 ta uchinchi oʻrin sohiblari keyingi bosqichga yoʻl oladi. Oʻzbekiston iftixori boʻlgan futbolchilarimizdan bu musobaqada ham yaxshi natijalar kutib qolamiz.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Kadastr pasportlarini berish muddatlari oʻzgartirildi
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- “Gʻalaba bogʻi”da mudofaa innovatsion texnologiyalari festivali oʻtkazildi—Fotoreportaj
- Prezident Makkada boʻlib turgan muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefonlashdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring