Shavkat Mirziyoyev 3 oydan soʻng kuchga kiradigan qonunni imzoladi

20:23 06 Avgust 2024 Siyosat
592 0

Foto: Prezident Matbuot xizmati

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida”gi Qonunni imzoladi. Ushbu qonun 3 oydan soʻng kuchga kiradi. Bu haqda “Huquqiy axborot” Telegram kanalida maʼlum qilindi.

Qonunga koʻra, fuqarolar quyidagi koʻchmas mulklarni oʻz nomiga (ijara va mulk huquqi asosida) qonuniy oʻtkazib olishi mumkin boʻladi.

Maʼlum qilishicha, quyidagi holatlarda qonuniy oʻtkazib olishadi:

1) 2018-yil 1-may kunigacha yakka tartibdagi uy-joy qurib oʻzboshimchalik bilan egallagan yer hamda undagi bino va inshootlar;

2) 2018-yil 1-may kunigacha fuqarolar va tashkilotlar tomonidan hujjatda koʻrsatilgan maydondan ortiqcha egallangan yer hamda undagi bino va inshootlar;

3) “bir martalik aksiya” doirasida huquqlarni eʼtirof etish oxiriga yetmagan yer hamda undagi bino va inshootlar;

4) 2021-yil 8-iyunga (hokimlarning vakolati bekor qilinguniga) qadar tuman (shahar) hokimlari qarori bilan ajratilgan, lekin viloyat hokimi yoki xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanmagan yer;

5) bogʻdorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylar hamda ular egallagan yer;

6) kichik sanoat zonalari hududiga 2020-yil 9-martgacha joylashtirilgan tadbirkorlarning yeri;

7) davlat orderi bilan xususiylashtirilgan binolar va uylar egallagan yer;

8) hokim qarori bilan mulk huquqi eʼtirof etilgan binolar va uylar egallagan yer uchastkasi.

Koʻchmas mulkni qonuniylashtirish uchun maxsus talablar ham mavjud. Qayd etilishicha, yer boshqa shaxsga ajratilmagan yoki auksionga chiqarilmagan boʻlishi, yer uchastkasidan foydalanishda nizo mavjud emasligi, yer va mol-mulk soligʻi boʻyicha qarzdorlik mavjud emasligi, muhofaza zonasida, sugʻoriladigan yerda joylashmaganligi oʻrganiladi.

Bundan tashqari, bosh reja talablariga zid emasligi (mavjud boʻlsa) va har bir kategoriyaga xos boshqa shartlar (investitsiya majburiyati bajarilganligi, shirkat aʼzosi hisoblanishi va boshqalar) batafsil oʻrganib chiqiladi.

Avvalroq, Oʻzbekistonda “Tadbirkorlik kodeksi” qabul qilinishi haqida xabar berilgandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?