Sharafli kasbimdan faxrlanaman

Oʻqituvchilik – bu fidoyilik, sabr-toqat, chidamlilik, oʻzini tuta bilish, albatta, koʻp bilimlarni talab qiladigan ogʻir va masʼuliyatli kasb. Qadimgi yunon tilida ham oʻqituvchi “bolani boshqarish” maʼnosini anglatadi. Maktab taʼlimi tizimida qirq olti yil ishlab kelayotgan bir oʻqituvchi sifatida sharafli kasbimdan faxrlanaman. Dastlab faoliyatimni boshlagan yillarda erkak oʻqituvchilar maktabda kamdan-kam uchrardi. Borlari ham koʻpincha jismoniy tarbiya va texnologiyadan dars berardi. Bir muddat maoshlar kamayib ketgani bois bir qancha erkak hamkasblarim oilasini boqish uchun boshqa sohalarda ishlashga majbur boʻlishdi. Qolganlari dars oʻtib boʻlgach, koʻcha supurishga, yangi oʻquv yilining ikkinchi haftasidan paxta terimiga otlanardi.
Davlatimiz rahbari dastlabki faoliyatidan to hozirga qadar muallim qadrini tiklash va uning mehnatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratmoqda. Shogirdlarim orasida oʻzim kabi matematika fani oʻqituvchisi boʻlganlar yuzdan ortgan boʻlsa, taʼlim sohasidagi oʻzgarishlar tufayli oʻqituvchilik kasbini tanlagan yigitlar safi kengayib bormoqda. Buni, albatta, eʼtirof etish lozim. Nega ajdodlarimiz izidan bormasligimiz kerak? Alloma Abu Ali ibn Sino ham yuzlab shogirdlariga saboq bergan. U oʻz tarjimayi holida: “Otam mening ilmdan boshqa narsa bilan shugʻullanishimdan hazar qilar edilar”, deb yozgan. Ha, ilmdan boshqa ish bilan shugʻullanishdan hazar qilgan otaning bolasi alloma boʻladi-da! Bobur bobomiz esa 12 yoshida butun boshli davlatga rahbar boʻlgan. Buyuk bobokalonimiz “Boburnoma”ning ilk satrlaridayoq iftixor va shukrona oʻlaroq bunga iqror boʻlgan: “Tengri taoloning inoyati bilan va hazrati on Sarvari koinotning shafoati bilan va chahoryori bosafolarning himmati bilan seshanba kuni ramazon oyining beshida tarix sakkiz yuz toʻqson toʻqquzda (1494, iyul) Fargʻona viloyatida oʻn ikki yoshta podshoh boʻldum”.
Bugun bogʻchalarga, maktablarga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik zamirida ham yoshlar taʼlimi, tarbiyasi, maʼnaviyati va madaniyatini yuksaltirishdek ulugʻ maqsad turibdi. Muallimlarga yaratilgan sharoitlarni koʻrib, qirq olti yilga yoshargim kelyapti. Qaniydi, endi diplom olgan yosh pedagog boʻlgan paytimga qaytsam-u, hozirgi davru davronlarda shavq bilan yangi mavzularni oʻquvchilarga tushuntirsam. Yangi Oʻzbekiston qadri baland, oʻz kasbidan faxrlanadigan oʻqituvchilar mamlakatiga aylantirib borayotganidan xursandman. Oʻzim ham fidoyi hamkasblarim qatorida davlatimiz tomonidan “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandim. Buning uchun millionlab oʻqituvchilar nomidan cheksiz minnatdorlik bildiraman.
Nizomiddin BOTIROV,
Oqqoʻrgʻon tumanidagi
8-maktab direktori.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring