Senatorlar “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini muhokama qildilar
Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy masalalar qoʻmitasining majlisida “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining mamlakat iqtisodiy taraqqiyotida tutgan oʻrniga bagʻishlangan muhokama oʻtkazildi.
Unda senatorlar, ekspertlar, ommaviy axborot vositalarining xodimlari ishtirokida mazkur Strategiyaning iqtisodiy yoʻnalishida belgilangan vazifalar, jumladan sanoatni modernizatsiya qilish, uning samaradorligini oshirish, xizmatlar sohasini kengaytirish hamda raqamli iqtisodiyotni jadal rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi.
Asosiy eʼtibor iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish va raqobatbardosh milliy iqtisodiy tizimni shakllantirish masalalariga qaratildi.
Iqtisodiy taraqqiyot – aholi farovonligini yuksaltirishning asosiy omili boʻlib, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish Strategiyaning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.
Soʻzga chiqqanlar investitsiya muhitini yaxshilash, mahalliy va xorijiy investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, xususiy sektor ulushini oshirish muhim yoʻnalish ekanini taʼkidlab, kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash orqali yangi ish oʻrinlari yaratishga alohida eʼtibor qaratdi.
Shuningdek, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, hududlarning iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish hamda aholi bandligini taʼminlash masalalariga ham alohida toʻxtalib oʻtildi.
Jumladan, iqtisodiyotning eng tez rivojlanayotgan tarmoqlarida amaliy tadqiqotlarni kuchaytirish maqsadida “korxona – oliy taʼlim muassasasi – ilmiy tashkilot” klaster tizimi joriy etilib, 2030-yilga qadar Davlat byudjeti hisobidan amalga oshiriladigan tadqiqotlarni 1,6 mingga yetkazish hamda iqtisodiyotning “drayver” tarmoqlarida 850 turdagi innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarish nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, mehnatga layoqatli aholining, shu jumladan yoshlar va nogironligi boʻlgan shaxslarning bandligini taʼminlash orqali ishsizlik darajasini 4 foizgacha tushirib, 2030-yilga qadar iqtisodiyot hajmini 2 baravar oshirish va “daromadi oʻrtachadan yuqori boʻlgan davlatlar” qatoriga kirish maqsad qilinmoqda.
Fiskal barqarorlikni taʼminlash va davlat majburiyatlarini samarali boshqarish maqsadida YIMga nisbatan kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushini 23 foizgacha qisqartirish hamda konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligi 3 foizdan yuqori boʻlmagan miqdorda boʻlishini taʼminlash rejalashtirilmoqda.
Strategiya ijrosini taʼminlashda ochiqlik, shaffoflik va jamoatchilik ishtirokining zarurligi qayd etildi. Amalga oshirilishi belgilangan iqtisodiy islohotlarning maqsadi aholi daromadlarini koʻpaytirish, kambagʻallik darajasini qisqartirish va hududlarni kompleks rivojlantirishdan iborat.
Taʼkidlanganidek, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi mamlakatimizni iqtisodiy jihatdan barqaror, innovatsion va raqobatbardosh davlat sifatida rivojlantirishga xizmat qiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Erkinjon Turdimov: “Muammo binoda emas, muammo rahbar va uning ish uslubida”
- Prezident prokuratura organlari xodimlari va faxriylariga tabrik yoʻlladi
- “Katta sakrash” yoxud Oʻzbekiston sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar rivojida yangi bosqichga qadam qoʻydi
- Oʻzbekistonda 2025-yilda 150 tonnadan ortiq sifatli qon tayyorlangan
- “Men prezidentman. Men halol odamman. Men aybsizman”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring