Senatning yigirma beshinchi yalpi majlisi 28-aprel kuni chaqiriladigan boʻldi

14:33 20 Aprel 2022 Jamiyat
971 0

Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq soʻzi”

Bugun, joriy yil 20-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi boʻlib oʻtdi. Uni Senat Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”

Majlis Senatda doimiy asosda ishlovchi senatorlar hududlarda oʻrganishlar olib borayotganliklari tufayli onlayn shaklda oʻtkazildi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma beshinchi yalpi majlisini 2022-yil 28-aprel kuni chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Videokonferensaloqa shaklida ikki kun davom etadigan yalpi majlisda bir qator masalalar koʻrib chiqilishi nazarda tutilgan.

“Pochta aloqasi toʻgʻrisida”gi, “Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish toʻgʻrisida”gi, “Qoʻriqlash faoliyati toʻgʻrisida”gi, “Xalqaro tijorat arbitraji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi, “Koʻp kvartirali uylarni boshqarish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunlar shular jumlasidandir.

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”

Bundan tashqari, “Oʻzbekiston Respublikasida tibbiy-ijtimoiy xizmatlar tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi, “Qurol toʻgʻrisidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi, “Oʻsimliklar karantini va himoyasi toʻgʻrisidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonunlarni muhokama etish rejalashtirilgan.

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”

Shuningdek, senatorlar tomonidan 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2022-yil I choragidagi ijrosi yakunlari boʻyicha Vazirlar Mahkamasining hisoboti muhokama qilinadi.

Senatorlar Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Sh. Gʻaniyevning fermer xoʻjaliklari faoliyati kafolatlarini taʼminlash holati yuzasidan axborotini ham eshitadi.

Yalpi majlisda Hisob palatasi, Markaziy bank, Bosh prokurorning 2021-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotlari, Bolalar masalalari boʻyicha milliy komissiya hamraisining oʻtgan davr mobaynidagi faoliyati yuzasidan axboroti eshitiladi.

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”

Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yilda huquqiy targʻibot va maʼrifatning holati haqidagi axboroti, shuningdek, qonunlarning ijrosi holati, huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganish va qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi yuzasidan amalga oshirilgan monitoring natijalari koʻrib chiqiladi.

Yalpi majlisda Andijon viloyati hokimining ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, uning daromadini oshirish, kambagʻallikni qisqartirish borasidagi ishlar haqidagi hisobotini ham eshitish nazarda tutilgan.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 31-iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosatining hududlarda amalga oshirilishi boʻyicha reyting tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi SQ-361-IV-sonli Qarori ijrosi koʻrib chiqilishi ham rejalashtirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер