Senatda BMTning Oʻzbekistondagi doimiy koordinatori bilan uchrashuv oʻtkazildi

20:05 04 Oktyabr 2025 Siyosat
129 0

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva BMTning Oʻzbekistondagi doimiy koordinatori Sabine Maxl bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Suhbat chogʻida BMT Bosh Assambleyasi 80-sessiyasining muvaffaqiyatli oʻtkazilganligi va Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar xalqaro hamjamiyat rivoji uchun muhim ekanligi alohida qayd etildi. Ushbu tashabbuslar asosida kelgusi rejalarni belgilash va ularning ijrosini taʼminlash yuzasidan fikr almashildi.

Oʻzbekistonning BMT va uning ixtisoslashgan idoralari bilan hamkorligining hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Asosiy eʼtibor Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, gender tenglikni taʼminlash masalalariga qaratildi.

Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlidagi islohotlar Barqaror rivojlanish maqsadlariga toʻliq mos ravishda olib borilayotgani taʼkidlandi.

Shu maʼnoda hamkorlikni yanada kengaytirish, barqaror rivojlanish boʻyicha belgilangan milliy maqsadlarga erishish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar boʻyicha parlament eshituvlari jarayonlariga BMT institutlarini ham jalb qilish masalalari koʻrib chiqildi. Bunda ayniqsa maqsad va vazifalarning hududlarda ijro etilishiga alohida eʼtibor berildi.

Shu bilan birga, yoshlarning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish jarayonlariga faol jalb qilish uchun kelgusi yilda Samarqand shahrida tashkil etish koʻzda tutilgan dunyo mamlakatlari parlamentlarining yosh aʼzolari XII global konferensiyasi doirasida BRMga erishishda parlamentlararo hamkorlik boʻyicha III global forumni oʻtkazishga doir istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.

Mintaqa davlatlari rahbarlarining 7-Maslahat uchrashuvi doirasida 2025-yil noyabr oyida Markaziy Osiyo mamlakatlari ayollari muloqotining navbatdagi yigʻilishini oʻtkazish rejalari ham koʻrib chiqildi. Ushbu format xotin-qizlar huquqlarini ilgari surish va ularning barqaror rivojlanishdagi rolini mustahkamlash sohasida tajriba almashish uchun samarali maydon sifatida oʻzini namoyon etdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер