Senatda Barqaror rivojlanish maqsadlari boʻyicha Parlament komissiyasi majlisi boʻlib oʻtdi

15:44 25 Avgust 2025 Siyosat
93 0

Joriy yilning 25-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasini barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalarning 2030-yilgacha boʻlgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish boʻyicha Parlament komissiyasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi.

Majlis Parlament komissiyasining hamraislari, Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva hamda Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismailov boshchiligida boʻlib oʻtdi.

Unda Barqaror rivojlanishning 10-milliy maqsadi 7-vazifasi doirasida tartibga solingan, xavfsiz, boshqariladigan mehnat migratsiyasi va samarali migratsiya siyosatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda ushbu yoʻnalishda qator islohotlar amalga oshirilib, mehnat migrantlari uchun huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy kafolatlar kengaytirildi.

Jumladan, mehnat migratsiyasi jarayonlarini tartibga soluvchi 20 dan ortiq qonunchilik hujjatlari qabul qilindi, moliya manbalari hisobiga migrantlarning yoʻl chiptalari, “ishchi vizasi” hamda xorijiy til imtihonlari xarajatlarini qoplash mexanizmlari joriy etildi.

Mehnat migratsiyasi geografiyasi kengaytirilib, fuqarolarni yuqori daromadli davlatlarga ishga yuborish, ularni kasb-hunar va chet tillariga oʻqitish tizimi yoʻlga qoʻyildi.

Shuningdek, tashkil etilgan tartibda xorijga yuborilayotgan migrantlar soni 5 barobarga ortib, bunday davlatlar soni 3 tadan 16 taga yetdi.

Mehnat huquqlari buzilgan va oʻz ish haqini ololmayotgan fuqarolarimizning pullari ish beruvchilardan undirib berilmoqda. Xususan, soʻnggi toʻrt yilda xorijiy ish beruvchilardan 13630 nafar fuqaroning 5 mln 950 ming dollardan ziyod miqdorida ish haqi, kompensatsiya va sugʻurta pullari ular foydasiga undirilgan.

Shu bilan birga, majlisda mavjud tizimli muammolar ham qayd etildi. Jumladan, migratsiya sohasidagi qonunchilikni yagona hujjat doirasida takomillashtirish, sohaga oid xalqaro konvensiyalarni ratifikatsiya qilish, noqonuniy migratsiya oqibatlarini kamaytirish, migrantlarning huquq va manfaatlarini yanada ishonchli himoya qilish zarurligi taʼkidlandi.

Majlis yakunida tegishli qaror va “yoʻl xaritasi” qabul qilinib, uning ijrosini samarali tashkil etish boʻyicha mutasaddi vazirlik va idoralarga zarur topshiriqlar berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер