Senat Raisi Sirdaryo viloyatida bo‘ldi
Joriy yilning 16-17-fevral kunlari Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva Sirdaryo viloyatining Guliston, Boyovut, Mirzaobod tumanlari hamda Guliston, Shirin va Yangiyer shaharlaridagi sog‘liqni saqlash va ta’lim muassasalari, iqtisodiyot obyektlari, mahallalarda bo‘lib, aholi vakillari va mahalliy Kengashlar deputatlari bilan bevosita muloqotlar o‘tkazdi.
Bugun aholi sog‘lig‘ini saqlash, salomatligini mustahkamlash davlatimizning ijtimoiy yo‘nalishda amalga oshirayotgan islohotlarining ustuvor qismiga aylangan. Bunda albatta, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish va ommaviy sportni rivojlantirish muhim vosita sanaladi. Senat Raisi viloyatga amaliy tashrifini Guliston shahrida xotin-qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan velomarafondagi ishtirok bilan boshladi.
Mazkur musobaqa shahardagi I.Karimov va Guliston ko‘chalari bo‘ylab o‘tkazilib, ishtirokchilar qariyb 3 km bo‘lgan masofani velosipedda bosib o‘tishdi.
Mehnat jamoalari, mahalla ayollari va uy bekalari o‘rtasida o‘tkazilgan ushbu bellashuv g‘oliblarini taqdirlash marosimida Senat Raisi, O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi raisi Tanzila Norboyeva bugungi kunda yurtimizda sportga berilayotgan e’tibor, sportning ommaviyligini oshirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganligi, chekka-chekka hududlarda ham barcha jahon andozalariga to‘la mos keladigan sport inshootlari barpo etilib, aholi ixtiyoriga topshirilayotganligi, ayollarimiz bundan unumli foydalangan holda muntazam sport bilan faol shug‘ullanishlari va buni o‘z mahallarida ham doimo targ‘ib qilishlari lozimligini ta’kidlab o‘tdi.
Musobaqa yakuniga ko‘ra g‘olib va sovrindorlar hamda turli nominatsiyalar sohibalariga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Shundan so‘ng T. Norboyeva Guliston shahridagi Respublika ixtisoslashtirilgan “Ona va bola salomatligi” ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo viloyat filialida bo‘lib, muassasa faoliyati bilan tanishdi, shifokor va bemorlar bilan suhbatlashdi.
160 o‘ringa mo‘ljallangan maskanda faoliyat yuritayotgan shifokorlar bilan kechgan suhbat davomida onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, xotin-qizlar va ularning reproduktiv salomatligini tiklash, erta tug‘ruqlarning oldini olish, dunyoga kelgan va tug‘ilajak go‘daklar va ularning onalariga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish borasida markaz va uning tumanlardagi filiallarida olib borilayotgan ishlar yuzasidan fikr almashildi.
Muloqot davomida onalar va bolalar salomatligi uchun mas’ul bo‘lgan soha xodimlari oldida turgan vazifalar hamda sifatli tibbiy xizmatni tashkil etishda yuzaga kelayotgan masalalar yuzasidan shifokorlarning fikr-mulohazalariga e’tibor qaratildi.
Muassasa xodimlari skrining ko‘riklarini tashkil etish, ilg‘or tajribalarni qo‘llash, kadrlar malakasini oshirish, xalqaro tajribani o‘rganish yo‘nalishlarida qator takliflarni bildirib o‘tdilar.
Guliston tumaniga tashrif doirasida “Zarbdor” mahallasi hududida joylashgan alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan “Nurli maskan” maktab-internatida bo‘lib, u yerdagi shart-sharoitlar, dars jarayonlari bilan tanishib, o‘qituvchi va o‘quvchilar bilan samimiy suhbatlashildi. 2022-yilda tashkil etilgan 176 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan maktabda ayni paytda 110 nafar o‘quvchiga ta’lim berilmoqda.
E’tiborli jihati, ta’lim maskanida o‘quvchilarning o‘qishdan bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida turli to‘garaklar ham tashkil etilgan. O‘quvchilar ta’lim olish bilan bir paytda pazandachilik, to‘quvchilik, ro‘zg‘orda kerak bo‘ladigan turli buyumlarni yasashga ham o‘rgatilmoqda. Bundan tashqari adabiy-badiiy to‘garaklar bolalarning iqtidorini yuzaga chiqarishga xizmat qilmoqda.
Senat Raisining navbatdagi tashrif manzili Boyovut tumanidagi "Uchturgon" mahallasida joylashgan 1-sonli sport maktabi bo‘ldi. Bu yerda sportchilarning shug‘ullanishi uchun yaratilgan sharoitlar, sport bo‘limlarining faoliyati bilan tanishish asnosida sportchi va murabbiylar, tuman “Chavandozlar maktabi”da shug‘ullanayotgan chavandoz ayollar bilan samimiy suhbat qurildi. Mahalla yettiligi faoliyati bilan ham yaqindan tanishildi.
Shuningdek, Boyovut tumani hokimligida Boyovut, Xovos tumanlari va Shirin shahri deputatlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda mamlakatimiz Prezidenti tomonidan yaqinda imzolangan “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonidan kelib chiqadigan vazifalarga e’tibor qaratildi.
Farmon bilan O‘zbekiston mahalliy boshqaruvi tarixida birinchi marotaba mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini yangi model – “Kuchli Kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyili asosida isloh qilishga qaratilgan qator qoidalar belgilab berilgani ta’kidlandi.
Shu bilan birga jamiyat va davlat hayotining muhim masalalarini hal etishda ushbu hududda istiqomat qilayotgan aholining fikrini inobatga olish, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining rolini oshirish maqsadida ta’lim, atrof muhitni muhofaza qilish, shaharsozlik, transport va hududning infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan 33 ta vakolat Kengashlar ixtiyoriga o‘tkazilayotgani aytib o‘tildi.
O‘z navbatida deputatlar mahalliy Kengashlar faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdilar.
Keyingi yillarda Sirdaryo viloyati sanoatlashib bormoqda. Yangi ishlab chiqarish quvvatlari barpo etilib, yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda albatta, energiyaga bo‘lgan talab ham tabiiy ravishda oshib boradi.
Davlatimiz rahbarining 2020-yil 10-avgustdagi “Sirdaryo viloyatida quvvati 1 500 MVt bo‘lgan yangi issiqlik elektr stansiyasi qurilishini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida Shirin shahrida Saudiya Arabistonining «ACWA Power» kompaniyasi bilan hamkorlikda barpo etilgan elektr stansiyasi ana shu talabni qondirishi bilan ahamiyatli. T.Norboyeva viloyatga tashrifi davomida stansiya faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Ayni paytda Sirdaryoda viloyat hokimligi tashabbusi bilan mahallalardagi faol xotin-qizlar o‘rtasida “Sen aziz va muqaddassan ayol” shiori ostida ko‘rik-tanlov o‘tkazilmoqda. Senat Raisi Shirin shahridagi Yoshlar markazida 10 ta yo‘nalish bo‘yicha o‘tkazilgan shahar bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimida ishtirok etdi.
Tadbirda viloyat bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan tanlov g‘oliblariga faxriy yorliq, diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Shundan so‘ng Shirin shahar “Vatanparvar” mahallasi faollari va harbiy qismda xizmat o‘tayotgan harbiylarning oilalari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Suhbat chog‘ida mahalla yettiligi faoliyati, xotin-qizlar faolining ish samaradorligini oshirish bo‘yicha ishlab chiqilgan namunaviy tizim asosida amalga oshirilgan ishlar, farzandlar tarbiyasi, oilalar totuvligi haqida so‘z bordi.
Bugungi kunda viloyatda 78 ming nafar nuroniy istiqomat qiladi. T.Norboyeva Mirzaobod tumanida “Nuroniylar maskani”ning ochilish marosimida ishtirok etib, yoshlar tarbiyasida nuroniylarning boy hayotiy tajribasidan unumli foydalanish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, oilalar mustahkamligini ta’minlashdagi ishtiroklari xususida dildan suhbat qilindi. Tashrifning navbatdagi manzili Sirdaryo tumani “Shirin” mahallasidagi “Sirdaryo Mega Lux” mas’uliyati cheklangan jamiyati bo‘ldi.
Polipropilen qop va plyonka, noto‘qima mato mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonaning yillik eksport hajmi 30 mln dollarni tashkil qiladi. Korxona tomonidan 2024-yilda qiymati 75 mln dollarlik yangi investitsiyaviy loyiha amalga oshirilishi hisobiga 500 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring