Senat Raisi Saudiya Arabistonining Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi bilan uchrashdi

21:16 22 Dekabr 2025 Siyosat
384 0

Joriy yilning 22-dekabr kuni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Saudiya Arabistoni Podshohligining Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Yusuf al-Utaybiy bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Uchrashuv chogʻida soʻnggi yillarda ikki davlat oʻrtasidagi siyosiy muloqot faollashgani, oliy va yuqori darajadagi oʻzaro tashriflar muntazam tus olgani qayd etildi. Oʻzbekiston Prezidentining Saudiya Arabistoniga davlat tashrifi, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy sammitlar doirasidagi uchrashuvlar strategik sheriklikni mustahkamlashga xizmat qilgani taʼkidlandi.

Suhbat davomida parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Ikki mamlakat parlamentlarida tashkil etilgan doʻstlik guruhlari faoliyatini yanada faollashtirish, tajriba almashish va oʻzaro tashriflarni kengaytirish muhimligi qayd etildi.

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik sohasida erishilgan amaliy natijalarga alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, investitsiya loyihalari portfelining sezilarli darajada kengaygani, energetika sohasida, xususan, qayta tiklanuvchi energiya manbalari boʻyicha yirik qoʻshma loyihalar amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Madaniy-gumanitar yoʻnalishdagi hamkorlik, sogʻliqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan qoʻshma tadbirlari, shuningdek, haj va umra ziyoratlarini tashkil etishda yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar ikki xalq oʻrtasidagi doʻstlik va oʻzaro anglashuvni mustahkamlayotgani taʼkidlandi.

Xususan, Oʻzbekistonda bunyod etilgan Islom sivilizatsiya markazining Oʻzbekistondagi islom madaniy merosini oʻrganish muhim ahamiyati alohida qayd etildi. Kelgusida mazkur Markaz bilan ilmiy tadqiqotlar olib borish, xalqaro anjumanlarni oʻtkazishda hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi munosabatlar barcha yoʻnalishlarda, shu jumladan, parlamentlararo hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etib, oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash yoʻlida bundan buyon ham saʼy-harakatlarni amalga oshirishga tayyor ekanligini bildirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер