Senat Raisi poytaxtimizning Olmazor tumanida boʻldi

05:40 07 Aprel 2024 Siyosat
703 0

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva aholi bilan bevosita muloqot qilish maqsadida poytaxtimizning Olmazor tumanida boʻldi. Tashrif davomida tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayonlari, taʼlim muassasalari, ijtimoiy obyektlardagi shart-sharoitlar, bandlik masalalariga eʼtibor qaratilib, mahalla faollari va aholi vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar olindi.

Bugun yurtimizda yosh avlodning taʼlim va tarbiyasiga barcha islohotlar zanjirining eng muhim halqasi sifatida qaralmoqda. Olmazor tumanida ham maktabgacha taʼlim tizimini yanada takomillashtirish, bogʻchalarda sifat va qamrovni oshirish, aholisi zich yoki qamrov koʻrsatkichi past boʻlgan hududlarda yangi davlat bogʻchalarini barpo etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Senat Raisining dastlabki tashrif manzili tumanning “Ziyokor” mahallasi hududida yangidan barpo etilgan 420 oʻringa moʻljallangan “Kelajak bolalari” nomli 20-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti boʻldi. Bolalar bogʻchasida yaratilgan sharoitlar bilan tanishish jarayonida tarbiyada uzviylikka eʼtibor qaratish, farzandlar ongiga milliy qadriyat va anʼanalarni singdirib borish boʻyicha tavsiyalar berildi.

Olmazor tumani hududida yashil bogʻlar barpo etish, ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan ham amaliy choralar koʻrilmoqda. Buning uchun tumanda manzarali daraxt va buta koʻchatlari, mavsumiy gullar turlarini yetishtirish uchun maxsus issiqxona tashkil etilgan. Senat Raisi tumanga tashrifi davomida “Olmazor Garden”MCHJ faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Eʼtiborli jihati shundaki, mazkur issiqxonada yetishtirilgan koʻchatlar tuman mahallalariga yetkazib beriladi.

50 ta ish oʻrni yaratilgan issiqxonada sohaning sir-asrorlarini oʻrgatishga moʻljallangan oʻquv kurslari ham tashkil qilingan.

Tadbirkorlik va hunarmandchilikni qoʻllab-quvvatlash orqali aholi bandligini taʼminlash, yangi ish oʻrinlari yaratish bugun davlat siyosatining muhim yoʻnalishiga aylandi. Tumanda ayni shu maqsadda tashkil etilgan “Art-Shosh” – Milliy hunarmandchilik maktabi va zamonaviy ishlab chiqarish markazi faoliyati bilan tanishuv chogʻida kambagʻallikni qisqartirish, aholini daromadli ish bilan taʼminlash masalalariga eʼtibor qaratildi.

40 ta ish oʻrni yaratilgan markazda asosan milliy hunarmandchilik mahsulotlari jumladan yogʻoch oʻymakorligi, miniatyura, naqqoshlik yoʻnalishlarida ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan. Shu bilan birga milliy hunarmandchilikka oʻqitish “ustoz-shogird” maktabi faoliyat yuritadi.

“Ziyo” mahallasi hududidagi “Respublika urush va mehnat faxriylari pansionati” da esa Senat Raisi yoshi ulugʻ keksalar va muassasa xodimlari bilan samimiy suhbatlashdi. Pansionatda tashkil etilgan Navroʻz saylida ishtirok etdi.

Shu yerning oʻzida “mahalla yettiligi” tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar ham tahlil qilindi.

Muqaddas Ramazon oyida ehtiyojmand va muhtoj oilalar holidan xabar olish, yordam koʻrsatish xalqimizning tarixiy va maʼnaviy qadriyatlari sanaladi.

Senat Raisi Olmazor tumaniga tashrifi davomida “Olimpiya”, “Guruchariq” va “Xastimom” mahallalaridagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar oldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер