Senat Raisi  Malayziya parlamenti Vakillar palatasi Spikeri bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi

14:58 02 May 2023 Siyosat
445 0

Joriy yilning 28-aprel kuni Oliy Majlis Senati Raisi  Tanzila Narbayeva 30-aprel kuni boʻlib oʻtadigan “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi boʻyicha referendumda kuzatuvchi sifatida qatnashish maqsadida mamlakatimizga tashrif buyurgan Malayziya parlamenti Vakillar palatasi Spikeri Johari Bin Abdul bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston bilan Malayziya oʻrtasida turli sohalarda doʻstlik va oʻzaro hurmat tamoyillariga asoslangan ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, xususan parlamentlararo munosabatlarni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Dastavval mehmonga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan  konstitutsiyaviy islohotlar, shu jumladan, yangilanayotgan Konstitutsiya yuzasidan referendumga tayyorgarlik va uni oʻtkazish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar shuningdek, bu borada milliy qonunchilikni xalqaro standartlar va ilgʻor xalqaro tajriba asosida takomillashtirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

Suhbat chogʻida Oʻzbekiston va Malayziya parlamentlarining oʻzaro muloqoti izchilligini taʼminlash, xususan, qonun ijodkorligi va qonun qoʻllash amaliyoti ustidan parlament nazorati yoʻnalishlarida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, oʻzaro tajriba almashish va bu jarayonda “doʻstlik guruhlari” faoliyati muhim oʻrin egallashi taʼkidlab oʻtildi.    

Parlamentlararo muloqot mamlakatlar oʻrtasida har tomonlama hamkorlik aloqalari mustahkamlanishiga xizmat qilishiga alohida urgʻu berilib, ikki davlat oʻrtasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy munosabatlarni rivojlantirish, Oʻzbekiston uchun ham, Malayziya uchun ham iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan biri boʻlgan turizm sohasi, jumladan “ziyorat turizmi”ni yoʻlga qoʻyish boʻyicha tajriba almashish zarurligi yuzasidan kelishildi.

Suhbat yakunida madaniy-gumanitar aloqalar, xususan fan va taʼlim, turli innovatsion sohalarda mutaxassislar tayyorlash va ularning malakasini oshirish masalalari boʻyicha ham fikr almashildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?