Senat Qozogʻiston Respublikasi bilan ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi Shartnomani ratifikatsiya qilish haqidagi Qonunni maʼqulladi

11:31 25 Noyabr 2023 Siyosat
228 0

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

2023-yil 25-noyabr kuni Senatning navbatdagi yalpi majlisi doirasida “Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasida ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi Shartnomani ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

Muhokama chogʻida senatorlar Oʻzbekiston va Qozogʻiston eng yaqin qoʻshnilar hamda vaqt sinovidan oʻtgan strategik hamkorlar ekanini alohida taʼkidladi. Keyingi yillarda ikki mamlakat oʻrtasida hamkorlikning yangi davri boshlandi, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi munosabatlar jadal rivojlanmoqda.

Shartnomaning asosiy maqsadi ikki mamlakat mustaqilligi, suvereniteti, hududiy yaxlitligini va barqaror iqtisodiy rivojlanishini yanada mustahkamlashga qaratilgan davlatlararo munosabatlarning yangi bosqichini shartnoma-huquqiy jihatdan mustahkamlashdan iborat ekani qayd etildi.

Shartnoma tashqi siyosat, mudofaa va xavfsizlik, migratsiya, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, transchegaraviy suv resurslaridan oqilona foydalanish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlarni qabul qilish, parlamentlar, siyosiy partiyalar va jamoat tashkilotlari oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash kabi sohalarda yaqin hamkorlikni nazarda tutadi.

Senatorlar Shartnomaning ratifikatsiya qilinishi ikki xalqning maʼnaviy-madaniy yaqinligini qoʻllab-quvvatlashga, madaniyat, ilm-fan, taʼlim va sport sohasidagi oʻzaro aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi, degan fikr bildirdi.

Shartnoma ilovasida davlat rahbarlari boshchilik qiladigan Oʻzbekiston Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasi Oliy davlatlararo kengashi toʻgʻrisidagi Nizom keltirilgani alohida taʼkidlandi.

Muhokama yakunlari boʻyicha Senat Shartnomani ratifikatsiya qilishga doir Qonunni maʼqulladi.

 Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?