Senat qo‘mitasida 2025 yilga mo‘ljallangan Davlat dasturi loyihasi muhokama qilindi
Foto: Yunus Bo‘riyev / «Xalq so‘zi»
Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi majlisida “O‘zbekiston–2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasi qizg‘in muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, Davlat dasturi loyihasida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 5 ta ustuvor yo‘nalishlari kesimida 2025 yil uchun amaliy chora-tadbirlar rejasi, joriy yilda ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ro‘yxati va har bir yo‘nalish kesimidagi maqsadli ko‘rsatkichlar nazarda tutilmoqda.
Davlat dasturi loyihasida ko‘zda tutilgan yangicha yondashuvlar 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulotning yillik o‘sishini kamida 6 foizga yetkazish, kambag‘allikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirish maqsadlariga erishish uchun mustahkam zamin yaratadi.
“Yashil” energetika milliy iqtisodiyotimiz drayveriga aylanayotganidan kelib chiqib, bu yo‘nalishda ham kechiktirib bo‘lmaydigan muhim vazifalar belgilanmoqda.
Jumladan, aholi va tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanishni rag‘batlantirish maqsadida 2025 yil 1 apreldan boshlab chiqindilar utilizatsiyasi hisobiga hamda shamol va quyosh manbalaridan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun “yashil tarif”larni joriy etish taklif etilmoqda.
Davlat dasturi loyihasida mamlakat iqtisodiyotini yangi sifat bosqichiga olib chiqish uchun iqtisodiy o‘sishni kamida 6 foiz darajasida ta’minlash, barqaror iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlashda ichki jamg‘armalar va moliyaviy resurslardan samarali foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, eksport salohiyatini o‘rganish rejalashtirilgan.
Shuningdek, tadbirkorlar bilan “korxonabay” ishlarni tashkil qilish va mahalliy mahsulotlarning eksport geografiyasini kengaytirish, “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” brendi ostida mahalliy mahsulotlarning tashqi bozorlardagi o‘rnini mustahkamlash orqali 2030 yilga qadar iqtisodiyot hajmini 2 barobar oshirish va “daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar” qatoriga kirish ko‘zda tutilmoqda.
Majlis ishtirokchilari muhokama etilgan Davlat dasturi loyihasining barcha bandlari yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi. Shuningdek, 2025 yilgi davlat dasturi loyihasida ko‘zda tutilayotgan barcha yo‘nalishdagi maqsad-vazifalar ertangi kunimizni yanada farovon qilishda, yurtimiz rivojini yuqori pog‘onaga ko‘tarishda muhim o‘rin tutishi qayd etildi.
Tadbir yakunida loyihani takomillashtirish va qabul qilish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqilishi qayd etildi.
Foto: Yunus Bo‘riyev / «Xalq so‘zi»
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring