Senat aʼzosi koʻmagi bilan 54 gektar maydondagi bogʻ oʻz egalariga qaytarib berildi

Andijon tumanidagi “Gulobod” shaharchasi hududidan oʻtuvchi Qoradaryoning eski oʻzani toshloqdan iborat. Aslida bu yerda giyoh ham unmasdi. Biroq, yer bilan tillashishning hadisini olgan dehqonlar kerak boʻlsa adirdan tuproq keltirib boʻlsada, soy boʻyini obod qildilar. Oʻshanda 1971-yil edi. U paytlar hozirgidek yerga hujjat talab qilinmas edi. Kim qancha yer oʻzlashtirsa foydalanib ketavergan. “Gulobod”liklar ham shu tariqa 54 gektar maydonda uzum bogʻini yaratishgan.
2006-yilga kelib tumanda hududlarni fermer xoʻjaliklariga taqsimlash jarayoni boshlandi. Shunda bogʻ egalariga yerdan foydalanishning huquqiy jihatlari tushuntirildi. Shundan soʻng ular 54 ta fermer xoʻjaligini tashkil etishib, hammasini qonuniy meʼyor talabiga mosladilar. Buning uchun bor mol-mulkini sotib, kim oshdi savdosida oʻzlari oʻzlashtirgan yerni sotib olishlariga toʻgʻri keldi. Natijada “Gulobod” hamda «Chavkandaryo» MFYlarida istiqomat qiluvchi 110 ta oilaning mehnati tayin, rizqi butun boʻldi. Ikki yil betashvish ishladilar. 2008-yilga kelib, fermer xoʻjaliklarini muqobillashtirish harakati boshlandi. Natijada 54 ta fermer xoʻjaligi oʻrniga 6 ta fermer xoʻjaligi qayta tashkil topdi. Qolgan fermerlar ishchi sifatida faoliyatini davom ettira boshladilar. Bu orada yana oʻzgarishlar boʻldi. Neki, harakatlar olgʻa surilmasin bogʻ ishchilari hammasiga koʻndi. Eng muhimi, yerni saqlab qolishdi va shuning ortidan roʻzgʻorini tebratishdi.
Tashvishlarning eng kattasi 2018-yilda boshlandi. Tuman hokimligi vakillari kelishib, yerdan samarali foydalanilmayotganligi uchun bogʻni buzib, oʻrniga paxta ekilishini maʼlum qildilar. Hamma hayron. Axir, ketmon ursa toshdan oʻt chaqnaydigan bu yerda qanday qilib chigit unadi? Xayolga kelgan savollar hali yechimini topib ulgurmasidan bogʻni buzish ishlari boshlandi. Bunga qadar fermer xoʻjaligi rahbarlariga tuman hokimligi qarorini berish tugul, ogohlantirmadilar ham.
— Bogʻni buzishayotganligi haqidagi xabarni eshitgan zahotim yetib bordim, — deydi «Xojiakbar bogʻi» fermer xoʻjaligining rahbari Mamanazar Rahimov. — Qarasam, uzoq yillardan buyon parvarishlab kelgan, har yili gektaridan 12-15 million soʻm daromad berayotgan toklarni kesishayotgan ekan. Ularga bu xatti-harakat noqonuniy ekanligini uqtirdik. Arz qilmagan idoramiz qolmadi, hisob. Afsuski, shu tariqa 52 gektar maydondagi bogʻimiz buzib tashlandi. 110 ta oilada oʻrtacha 4 nafardan aʼzo boʻlganda ham 400 nafardan ziyod fuqarolar tirikchilik manbaidan ayrildi.
— Choʻntagimizdagi soʻnggi pulimizni qoqishtirib boʻlsa ham Toshkentdagi katta-katta idoralarga yordam soʻrab bordik, — deydi shu fermer xoʻjaligi ishchisi Shokirjon Roʻzimatov. — Afsuski, hech kimdan yordam boʻlmadi. Chiqmagan jondan umid, deya senat aʼzosi Matlubaxon Gʻaniyevadan koʻmak soʻradik. Tan olish kerak, shu paytgacha deputatlardan yordam olish tugul, ularni tanimasdik ham. Shu bois ishonchsizlik ham yoʻq emas edi. Biroq, endi aniq bilamizki, bugungi deputatlar, senat aʼzolari xalqning haqiqiy vakiliga aylanishibdi. Bunga murojaatimiz ijobiy yechim topib, bogʻni qayta tashkil etish imkoniga ega boʻlgach, yana bir bor ishonch hosil qildim.
Vaziyatni oʻrgangan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi Matlubaxon Gʻaniyeva masalaga barcha mutasaddilarni jalb etdi. Natijada yerning xususiyatidan tortib, bogʻbonlarning huquqiy manfaatlarigacha atroflicha tahlil qilindi. Masala 2021-yilning 14-yanvar kuni boʻlib oʻtgan Xalq deputatlari Andijon tuman Kengashining 13-sessiyasi kun tartibiga kiritildi. Natija esa fermer xoʻjaliklari foydasiga hal boʻldi.
Ayni paytda bogʻning buzib tashlangan 52 gektar maydoniga yangi koʻchat ekish ishlari olib borilmoqda. 6 ta fermer xoʻjaligi tarkibida samarali mehnat qilayotgan ishchilar tufayli salkam 500 nafar aholi tirikchilik manbaini qayta tikladi. Maydonda boʻy koʻrsata boshlagan yangi nihollar ularning ortda qolgan ikki yillik moddiy zarardan koʻrgan aziyatlariga chek qoʻydi.
Respublikamizda deputatlar, senat aʼzolari har qachongidan faollar. Ular hududlarni kompleks rivojlantirish, aholi turmush tarzini yaxshilash, inson huquq va manfaatlarini himoya qilishda munosib ishtirok etmoqdalar. Endi hamyurtlarimiz ham yaxshi biladilar: bugungi deputatlar kun tartibiga kiritilgan har qanday masalani qoʻl koʻtarib tasdiqlab beruvchi zombilar emas, balki, xalqning haqiqiy ishonchli vakilidirlar!
Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Abdulaziz Komilov Italiyaning eng yuqori davlat mukofoti bilan taqdirlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring