Sebastyen Lekornyu Fransiya bosh vaziri etib tayinlandi

09:15 10 Sentyabr 2025 Dunyo
88 0

Fransiya Qurolli kuchlar vaziri Sebastyen Lekornyu mamlakatning yangi bosh vaziri etib tayinlandi. Bu haqda Yelisey saroyi maʼlum qildi.

Maʼlumotlarga koʻra, prezident Emmanuel Makron Lekornuni bosh vazir etib tayinlab, unga parlamentdagi siyosiy kuchlar bilan maslahatlashuvlar oʻtkazish, davlat byudjeti qabul qilinishi va yaqin oylarda zarur qarorlar qabul qilinishi uchun kelishuvlarga erishish vazifasini yuklagan.

Maslahatlashuvlardan soʻng Lekornyu oʻzining kelgusi hukumat tarkibini shakllantirib, uni prezident tasdigʻiga taqdim etadi. Yelisey saroyi qayd etishicha, yangi bosh vazirning faoliyati Fransiya mustaqilligi va qudratini himoya qilish, xalqqa xizmat qilish hamda siyosiy va institutsional barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan boʻlishi lozim.

— Prezident ishonch bildirmoqdaki, ana shu asosda siyosiy kuchlar oʻrtasida, har birining eʼtiqod va qarashlariga hurmat saqlangan holda, kelishuvga erishish mumkin, — deyiladi xabarda.

Lekornyu Makron 2017-yilgi prezidentlik saylovlari davrida asos solingan “Renessans” partiyasi aʼzosi hisoblanadi. U bu partiyaga oʻtishdan oldin oʻng markazchi “Respublikachilar” safida boʻlgan. 2017-yildan beri Fransiya hukumatida turli lavozimlarda ishlagan. 2020-yilda Dengizorti hududlar vaziri, 2022-yil mayidan esa Qurolli kuchlar vaziri sifatida faoliyat yuritgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер