Saudiya Arabistonida oʻtadigan Jahon chempionatida alkogol taqiqlandi, ammo LGBTQIA+ vakillariga ruxsat beriladi

Saudiya Arabistonining Buyuk Britaniyadagi elchisi, shahzoda Xolid bin Bandar Al-Saud mamlakat hukumati 2034-yilgi futbol boʻyicha Jahon chempionati vaqtida spirtli ichimliklar sotilishiga ruxsat bermasligi haqida rasman maʼlum qildi. Unga koʻra, hukumat bu borada qonunlarni oʻzgartirish niyatida emas va turnir davomida hech qanday istisno qilinmaydi.
Elchi mehmonlar Saudiya Arabistonining madaniyatiga hurmat bilan yondashishi kerakligini taʼkidlab, hatto mehmonxonalar ichida ham alkogol sotilmasligini eslatib oʻtdi. U Britaniyaning LBC radiostansiyasiga bergan intervyusida: “Biz spirtli ichimliklarni isteʼmol qilishga ruxsat bermaymiz. Ichmasdan ham ajoyib vaqt oʻtkazish mumkin. Agar turnirdan keyin ichishni istasangiz, boshqa joyga borib iching, lekin hozircha bizda alkogol yoʻq”, — deya bayonot berdi.
Saudiya Arabistonining Jahon chempionati mezboni sifatida tanlanishi allaqachon koʻplab tortishuvlarga sabab boʻlgan edi. 2023-yil dekabr oyida FIFA rasmiy ravishda ushbu turnirni oʻtkazish huquqini Saudiya Arabistoniga bergan. Ammo inson huquqlari tashkilotlari, jumladan, “Amnesty International” migrant ishchilarning ekspluatatsiya qilinishi, ularning hayotiga xavf tugʻilishi va sportchilar hamda muxlislar uchun qattiq cheklovlar oʻrnatilishi mumkinligidan xavotir bildirgan.
Saudiya Arabistonida LGBTQIA+ jamoasi vakillariga nisbatan diskriminatsiya ehtimoli ham katta muhokamalarga sabab boʻlmoqda. Mamlakat qonunchiligiga koʻra, bir jinsli shaxslar oʻrtasidagi jinsiy munosabat oʻlim jazosi bilan jazolanishi mumkin. Shu sababli, elchidan Jahon chempionati davomida LGBT muxlislar Saudiya Arabistoniga kelishi mumkinmi, degan savol berilganda, u quyidagicha javob berdi: “Bu faqat Saudiya Arabistonining musobaqasi emas, balki jahon darajasidagi turnirdir. Biz imkon qadar, kelishni istaganlarning barchasini kutib olishga tayyormiz”.
Saudiya Arabistonining ushbu qarori avval 2022-yilda Qatarda oʻtkazilgan Jahon chempionatida sodir boʻlgan holatni eslatmoqda. Oʻshanda FIFA stadionlarda pivo sotishga ruxsat bergan edi, lekin turnir boshlanishiga ikki kun qolganida, mahalliy qonunchilikka muvofiq ravishda bu qaror bekor qilingan. Natijada muxlislar faqat mehmonxonalar va maxsus fan-zonalarda alkogolli ichimliklar xarid qilish imkoniyatiga ega boʻlishdi. Bu esa pivo ishlab chiqaruvchi kompaniyaga taxminan 40 million funt sterling miqdorida kompensatsiya toʻlash bilan yakunlangan edi.
Saudiya Arabistonining ushbu qatʼiy qarori chempionat davomida muhlislar va homiylar orasida qanday qabul qilinishi nomaʼlumligicha qolmoqda. FIFA esa hozircha bu borada muzokaralar olib borish rejalari yoʻqligini maʼlum qilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring