Sarhisob: Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi oktyabr oyida qanday ishlarni amalga oshirdi

20:56 15 Noyabr 2020 Jamiyat
398 0

Korrupsiyaga qarshi kurashishning eng samarali yoʻli bu ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash hisoblanadi. Bunda ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilikning oʻrni muhim. Shu boisdan, Agentlik oʻz faoliyatining sarhisobini har oy yakunida eʼlon qilib borish amaliyotini yoʻlga qoʻymoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi oʻz faoliyatini tegishli qonunchilik va boshqa hujjatlarda belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashga qaratmoqda. Jumladan, oktyabr oyida Agentlik korrupsiyaga qarshi kurashishni takomillashtirishni koʻzda tutuvchi qonun hujjatlarini, tegishli idoralarda korrupsiyaga qarshi muvofiqlik tizimining joriy etish boʻyicha Qonun hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish, xalqaro hamkorlik jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini qanoatlantirish singari muhim yoʻnalishlarda quyidagi ishlarni amalga oshirdi.

Korrupsiya sabablarini bartaraf etuvchi qonun loyihalari ishlab chiqilmoqda, amaldagilari oʻzgartirilmoqda

Maʼlumki, korrupsiyani bartaraf etishda uni keltirib chiqarayotgan sabablarni bartaraf etish – eng yaxshi chora hisoblanadi. Amaliyotda aksariyat korrupsion holatlar qonunchilikdagi mavjud boʻshliqlar yoki normalarning notoʻgʻri talqin qilinishi oqibatidan vujudga keladi. Shu bois ushbu yoʻnalishdagi korrupsion omillarni bartaraf etish agentlikning asosiy faoliyat yoʻnalishlaridan biriga aylandi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan xalqaro va mahalliy ekspertlarni jalb qilgan holda “Davlat xizmatchilarining daromadlari, mol-mulki va manfaatlar toʻqnashuvini deklaratsiya qilish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Mazkur qonun loyihasi davlat xizmatchilari va mansabdor shaxslarining mol-mulki, daromadlarini deklaratsiyalashni koʻzda tutadi. Hozirda hujjat loyihasi tegishli vazirlik va idoralardan takliflarni qabul qilish jarayonida.

Shuningdek, “Oʻzbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Agentlik faoliyati, vakolatlarini belgilab beruvchi mazkur hujjat loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali (regulation.gov.uz) orqali jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilib, yana-da takomillashtirildi. Hozirda loyiha idoralararo kelishuv jarayonida.

“Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizasi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda ishlab chiqilgan boʻlib, loyiha jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilish bosqichida. Hujjatga muvofiq, 2021-yildan normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish amaliyoti joriy etilishi belgilangan.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etilgani munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda. Shu munosabat bilan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni loyihasi tayyorlandi.

Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha tizim mavjudmi?

Tashkilotlarga korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro standartlar, qonun va boshqa meʼyoriy huquqiy hujjatlarga muvofiq tashkil etuvchi, korrupsiya xavf-xatarlari, manfaatlar toʻqnashuvini oʻz vaqtida aniqlash va chek qoʻyish, qonun buzilishi va korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar berishni oʻzida mujassam etgan profilaktik tizim — «komplayens-nazorat» deb ataladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida 2020-yil 27-iyul kuni “Yashirin iqtisodiyot” ulushini qisqartirish boʻyicha birinchi darajali vazifalarga bagʻishlab oʻtkazilgan yigʻilishda belgilangan topshiriqlar ijrosi yuzasidan hozirda 26 ta vazirlik va idoralarda yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi muvofiqlik tizimi («komplayens-nazorat») joriy etish ishlari davom ettirilmoqda.

Mazkur davlat idoralarida «komplayens-nazorat» tizimining oʻz vaqtida va sifatli joriy etilishi Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan nazorat qilinib borilmoqda.

Xususan, amalga oshirilgan ishlar holatini baholovchi reyting tizimi ishlab chiqilib, belgilangan vazifalarni muddatida bajarmaganligi uchun hisobot shakllarida jarima sifatida pasaytiruvchi koeffitsiyentlar qoʻllanilmoqda.

Shuningdek, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi bilan birgalikda davlat organlari, korxonalar va hududlarda korrupsiya va “xufiyona iqtisodiyot”ni baholashning reyting metodikasi ishlab chiqildi.

Mazkur reyting metodikasi yordamida sohalar, yoʻnalishlar va davlat hamda xoʻjalik boshqaruv organlarining korrupsiyaga qarshi kurashish borasida reytingi shakllantiriladi hamda 2021-yildan boshlab har chorakda ommaga eʼlon qilib boriladi.

Fuqarolar murojaati orqali korrupsion holatlar bartaraf etilmoqda

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etilgandan buyon joriy yilning 1-noyabrga qadar Agentlikka 275 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, shundan 243 tasi (88,4%) belgilangan tartibda koʻrib chiqilishi taʼminlangan.

Murojaatlarning aksariyati sud-huquq sohasidagi muammolar, mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari va turli sohalarda korrupsiyaviy holatlarning yuz berayotganligi toʻgʻrisidagi murojaatlardan iboratdir. Agentlikka qoʻyidagi soha va yoʻnalishlar boʻyicha murojaatlar kelib tushdi:

Jumladan, sud qarorlaridan noroziliklar (20,4%), mahalliy hokimliklar mansabdor shaxslarining noqonuniy xatti-harakatlari va qarorlaridan noroziliklar (7,6%), yer maydoni ajratilmayotganligi, yer nizolari va yer maydonlari talon-taroj boʻlayotganligi boʻyicha (6,2%), firibgarlik jinoyatlari yuzasidan (5,5%), prokuratura qarorlaridan noroziliklar va prokuratura organlariga qilingan murojaatlar hal boʻlmayotganligi boʻyicha (5,1%), sogʻliqni saqlash sohasidagi qonunbuzilish holatlari va tibbiyot xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan (5,1%) va boshqa sohalardan murojaatlar kelib tushmoqda.

Koronavirus pandemiyasi sabab joriy etilgan karantin cheklovlari sabab aksariyat murojaatlar elektron pochta manzili orqali qabul qilinmoqda. Kelib tushayotgan barcha murojaatlar Agentlik masʼullari tomonidan chuqur oʻrganilmoqda.

Xususan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Fargʻona viloyati Dangʻara tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroning murojaati boʻyicha oʻrganishlar oʻtkazildi. Xususan, tuman hokimligi mutasaddilari tomonidan sud qarori ijrosiga bepisandlik bilan qaralishi natijasida fermer xoʻjaligiga tegishli boʻlgan yer maydonlari oʻz vaqtida qaytarib berilmagan.

Agentlik tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar, shu jumladan Uchkoʻprik tumani maʼmuriy sudi qarorining hokimlik tomonidan ijrosi, ushbu jarayonlarda korrupsion xatti-harakatlarning mavjudligi boʻyicha nazorat tadbirlari natijasida murojaatchining shikoyati ijobiy qanoatlantirildi.

Bundan tashqari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Toshkent va Namangan viloyatlarida qurilayotgan 528 ta xonadonga quyosh fotoelektr tizimlarini oʻrnatish belgilangan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga mazkur koʻp qavatli uylarga quyosh fotoelektr tizimlarini oʻrnatish boʻyicha tanlov (tender)larni tashkil etishda qonunchilikda belgilangan qoidalarga rioya etilmaganligi yuzasidan murojaat kelib tushgan va shu asosda mutaxassislar tomonidan oʻrganishlar olib borildi.

Aniqlanishicha, koʻp qavatli arzon uy-joylarga fotoelektr tizimini oʻrnatish ishlarini bajarish boʻyicha pudratchi tashkilotlarni tanlab olish jarayonlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 28-noyabrdagi “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-886-son Farmoni talablariga amal qilinmasdan tashkil etilgan.

Shu munosabat bilan, Agentlik tomonidan masʼul idoralarga taqdimnoma kiritildi. Natijada, «Qishloq qurilish invest» IK» MCHJ Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo va Namangan viloyatlari hududiy filiallari tomonidan quyosh fotoelektr tizimlarini oʻrnatish boʻyicha tanlov (tender) savdolari oʻtkazmasdan pudratchi tashkilotlar bilan oldin tuzilgan arzon uy-joylar qurilishi shartnomalariga qoʻshimcha kelishuvlar bekor qilinib, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tanlov (tender) savdolari qayta tashkil etildi.

Shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish Agentligi tomonidan Buxoro shahrida yashovchi fuqaro murojaatida “DEVELOPMENT DREAM HOUSE” MCHJ tomonidan oʻzboshimchalik bilan qurilgan qurilmani bartaraf etish boʻyicha sudning qarori ijro qilinmayotganligidan noroziligini bildirgan. “DEVELOPMENT DREAM HOUSE” MCHJning mansabdor shaxslariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 232-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatish haqida soʻrovnoma Bosh prokuraturaga yuborildi.

Toshkent viloyatida yashovchi tadbirkorning 400 mln soʻm pullarini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritgan mansabdor shaxslarga nisbatan chora koʻrilmayotganligi va jinoyat ishi JPK ning 84-moddasi 1-qismi 1-bandga asosan, harakatdan tugatilganligidan noroziligini bildirgan. Jinoyat ishi hujjatlari Agentlik tomonidan oʻrganib chiqilib, tergov bir tomonlama va toʻlaqonli oʻtkazilmaganligi sababli, Bosh prokuraturaga jinoyat ishini harakatdan tugatish haqida qarorni bekor qilish haqida taqdimnoma kiritildi.

Agentlikning xalqaro hamkorlik yoʻnalishidagi faoliyati

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida korrupsiya illatni kelib chiqish sabablarini bartaraf etish maqsadida xalqaro tajribani oʻrganish, xorijiy ekspertlar, fikr mulohazalarini olish tizimli yoʻlga qoʻyilgan.

Bugungi kunda Agentlik BMTning Taraqqiyot dasturi, Yevropa Kengashi, Yevropa ittifoqi, Jahon banki, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OESR), Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotlari (OBSE) va “Hududiy muloqot” xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlari hamkorlikni keng yoʻlga qoʻygan. Ushbu xalqaro tashkilotlarning koʻmagida Janubiy Koreya, Sloveniya va Singapurdan Agentlik direktorining maslahatchilari tayinlandi. Bugungi kunda ular qonun hujjatlarini ishlab chiqishda, agentlik faoliyatini toʻgʻri yoʻlga qoʻyishda yordam beryapti.

Shu bilan bir qatorda, Agentlik va Bosh prokuratura hamkorligida Agentlik toʻgʻrisidagi qonun loyihasini ishlab chiqishda Yevropa Kengashi tomonidan moldovalik Kristina Tarna, Daromad va mol-mulkni deklaratsiyalash toʻgʻrisidagi qonun loyihasi ishlab chiqilishida Jahon banki tomonidan – Dmitriy Kotlyar (Ukraina), Agentlikning boshqa hujjatlarini ishlab chiqish va qonunchilikni takomillashtirish uchun Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti tomonidan Ruslan Ryaboshapka (Ukraina) xalqaro ekspert sifatida jalb qilindi.

Bugungi kunda qadar Agentlik va boshqa milliy va xorijiy hamkorlar bilan birga korrupsiya qarshi kurashish sohasi bilan bogʻliq 12 ta ortiq onlayn tadbirlar (seminar va treninglar) tashkil etildi. Shuningdek, Agentlik direktorining Malayziya va Qozogʻiston korrupsiyaga qarshi kurashish idoralari rahbarlari bilan onlayn uchrashuvlari boʻlib oʻtdi.

Yuqorida keltirilgan faoliyat va yoʻnalishlar agentlikning oktyabr oyida bajargan ishlaridan ayrim misollardir.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?