“Sardoba ishi” boʻyicha 17 nafar mansabdor jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ayblov xulosasi Oliy sud muhokamasiga oʻtkazildi

14:27 30 Aprel 2021 Jamiyat
2639 0

AOKAda Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi oʻrinbosari Abdulla Qoʻldoshev ishtirokida maxsus brifing oʻtkazildi. Unda Sardoba suv omborida yuz bergan texnogen hodisa oqibatlarini bartaraf etish va uning sabablarini oʻrganish natijalari yuzasidan maʼlumot berildi.

Abdulla Qoʻldoshevning maʼlum qilishicha, Sardoba suv omborini loyihalashtirish, qurish va toʻgʻonning ekspluatatsiyasi jarayonida xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganligi holati boʻyicha buyurtmachi, loyihachi, qurilish tashkilotlari hamda ekspluatatsiya xizmatining 17 nafar mansabdor va mutasaddi shaxslari jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ayni paytda ularga nisbatan ayblov xulosasi Oliy sud muhokamasiga oʻtkazilgan.

Hozirgi vaqtda suv omborini qurish uchun ajratilgan byudjet mablagʻlarining qonuniy sarflanganligi yuzasidan jinoyat ishi doirasida taftish va tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Mazkur voqeaga daxldor barcha mansabdor shaxslarning xatti-harakatlariga yaqin kunlarda sud tomonidan huquqiy baho beriladi. Bu haqida jamoatchilikka qoʻshimcha axborot taqdim etiladi.

Eslatib oʻtamiz, 2020-yil 1-may kuni Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv ombori toʻgʻonining yemirilishi natijasida yuz bergan suv toshqini oqibatida bir qancha aholi punktlari, bino-inshootlar hamda ekin maydonlari jiddiy talafot koʻrdi. Eng achinarlisi, mazkur hodisa tufayli 6 nafar fuqaro qurbon boʻlib, bir kishi bedarak yoʻqoldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер