Sanoqda bor-u hisobda yo‘q 1008 bola, buyruqsiz ishlayotgan 72 tarbiyachi, aybni bir-biriga ag‘darayotgan masʼullar...

11:43 19 Oktyabr 2021 Jamiyat
219 0

Chiroqchi tumanida maktabgacha taʼlimga qamrab olinmagan bolalar uchun tayyorlov guruhlarini shakllantirish ishlari bilan tanishgan chog‘imizda mana shu haqiqatlar bilan ro‘baro‘ keldik.

 

Yurtimizda maktabgacha taʼlim muassasalariga qamrab olinmagan bolalarni maktabga tayyorlash, ularning aqliy, intellektual salohiyatini shakllantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining  2020 yilning  9 martdagi “Bolalarni boshlang‘ich taʼlimga majburiy bir yillik tayyorlash tizimini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinishi zamirida ham ayni shu maqsad mujassam.

Afsuski, qaror ijrosi Chiroqchi tumanida to‘laqonli amalga oshirilmoqda, deyish mushkul. Aniqrog‘i, tumandagi maktabgacha taʼlim muassasalari mavjud bo‘lmagan 36 ta hududda majburiy bepul bir yillik tayyorlov guruhlari tashkil etilgan va mashg‘ulotlar olib borilayotgan  bo‘lsa-da, ular rasman ro‘yxatdan o‘tmagan. Guruhlarda dars jarayonlarini hali ishga rasman qabul qilinmagan, arizasi asosida buyruqlashtirilmagan pedagoglar amalga oshirmoqda.

Tumandagi 162-maktabda ochilgan  tayyorlov guruhlaridagi dars jarayonida qatnashdik. Endi 6 yoshga qadam qo‘yayotgan jajji o‘g‘il-qizlar allaqachon harflarni va raqamlarni yozishni o‘zlashtirib olgan. Sheʼr aytishi, qo‘shiq kuylashlarini ko‘rib, dilingiz yayraydi. Chindan ham bolalarimiz bilim olishga chanqoq. Ammo bu tayyorlov guruhlari milliy, madaniy-tarixiy qadriyatlarni aks ettiradigan va bolalikdan kitob o‘qishga qiziqishni oshiradigan o‘quv-metodik, didaktik materiallar, aqlni charxlovchi o‘yinlar hamda o‘yinchoqlar, badiiy adabiyotlar bilan taʼminlanmagan.

Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti qoshidagi biznes maktabining maktabgacha taʼlim yo‘nalishini bitirgan Marziya Komilova bolalarga saboq bermoqda. Uning ishga qachon qabul qilingani bilan qiziqdik.

-2021 yil 6 sentyabrdan buyon bolalar bilan mashg‘ulot olib boryapmiz, lekin ishga kirish haqida ariza yozganimiz yo‘q,- deydi u. – Bir yarim oydan buyon ishlayapmiz.

Suhbatdoshimiz buyruqni kim chiqarishi kerakligini, kimning nomiga ariza yozish lozimligini ham bilmaydi, lekin maoshdan umid qilib ishlamoqda. Uning so‘zlarini hamkasbi Nigora Muhammadiyeva ham tasdiqlaydi.

Chiroqchi tumani maktabgacha taʼlim bo‘limi mutaxassisi Gulnora Ashurova bilan telefon orqali bog‘langanimizda u hali buyruqlashtirilmagan 72 nafar pedagog bir yarim oydan buyon 1008 nafar 6 yoshli bolalarga saboq berayotganini maʼlum qildi.

-Qashqadaryo viloyati maktabgacha taʼlim boshqarmasi bu holat uchun meni ayblamoqda,- deydi Gulnora Ashurova. – Aslida mening vazifam guruhlarni shakllantirish, mashg‘ulot jarayonlarini tashkil etishdan iborat. Axir pedagoglarning buyruqlashtirilmagani uchun men javobgar emasman-ku!

Qashqadaryo viloyati maktabgacha taʼlim boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Yulduz Rahimovaning fikrlari bilan qiziqdik.

-Chiroqchi tumanida ochilgan 36 ta guruh elektron bazaga, yaʼni EMIS dasturiga kiritilmagan,-deydi u. –O‘zlari ishni orqaga tortyapti. Agar ular elektron bazaga yaqin kunlarda kiritilmasa, shakllantirilgan barcha guruhlar moliyalashtirilmasdan qolishi mumkin. Jihoz masalasiga kelsak, jihoz vazirlikdan beriladi, biz cho‘ntagimizga solib o‘tirganimiz yo‘q.  542 ta guruhga 166 ta jihoz kelgan, qolganiyam beriladi-da.

Vazirlar Mahkamasining yuqorida zikr etilgan qarorida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligining bolalarni boshlang‘ich taʼlimga majburiy bepul bir yillik tayyorlashni amalga oshirish borasidagi asosiy vazifalari belgilab berilgan. Maktabgacha taʼlim bilan qamrab olinmagan bolalar uchun tayyorlov guruhlarini shakllantirish, ularning o‘quv-tarbiya jarayoniga zamonaviy innovatsion pedagogik texnologiyalarni, taʼlim va tarbiyaning samarali shakllari hamda usullarini joriy etish, ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda, maktabgacha taʼlim bilan qamrab olinmagan bolalarning davlat talablariga muvofiq har tomonlama aqliy, axloqiy, estetik va jismoniy kamol topishi uchun shart-sharoitlar yaratish shular jumlasidan. Qashqadaryoda boshqarma mutasaddisi ishni bo‘lim qilishi kerak desa, bo‘lim boshqarma ruxsat bermayapti desa, ish shu zaylda orqaga qarab ketaverishi kunday ravshan-ku!

Chiroqchidagi bu muammoga aslida mutasaddi boshqarma va bo‘lim o‘rtasidagi sansalorlik sabab bo‘lmoqda, bizningcha. Yanada aniq javobni masʼullardan kutamiz.

 Faxriddin Bozorov, “Xalq so‘zi” muxbiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?