Sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish – ustuvor maqsad

15:03 13 Iyun 2022 Iqtisodiyot
277 0

Illyustrativ foto

Mutaxassislarning fikricha, kooperatsiyalar iqtisodiyotda mehnat unumdorligini oshirish, chakana narxlarni pasaytirish, ishlab chiqarishga yangi texnologiyalarni jalb etish, innovatsion uslublarni qoʻllash, tovarlarni xalqaro bozorga olib chiqish imkonini yaratish, kichik va oʻrta biznes vakillarining birlashib, yirik tadbirkorlik subyektlari bilan oʻzaro raqobat muhitiga kirishishi orqali monopoliyaning oldini olishda hal qiluvchi oʻrin tutadi.

Shu bois mamlakatimizda butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar, xomashyo va materiallarni ishlab chiqarishni oʻzlashtirish hamda sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish va mahalliylashtirish yordamida import hajmini qisqartirishga taraqqiyotning garovi sifatida eʼtibor qaratilmoqda.

Navoiy viloyatida ham ushbu dasturlarni amalga oshirish, yangi-yangi loyihalarni tatbiq etish, mavjudlarini monitoring qilish hamda belgilangan prognoz parametrlari bajarilishini taʼminlash yuzasidan muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur dasturlar doirasida 2021-yilda 54 ta hududiy korxonalar tomonidan 111 turdagi 759,1 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilishiga erishildi.

— Ishlab chiqarilgan mahsulotlarning sanoat kooperatsiyasini kengaytirish orqali sotish yuzasidan bir qator amaliy ishlar olib borildi, —  deydi Navoiy viloyat hokimligining ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish masalalari kotibiyati bosh mutaxassisi Otabek Eraliyev. –— Viloyatda roʻyxatdan oʻtgan 3 ming 84 ta sanoat korxonasi “Sooperation.uz” portalidan roʻyxatdan oʻtkazilib, viloyat ishchi guruhi va tuman, shaharlar hokimliklari hamkorligida 3069 ta sanoat korxonasining 829 turdagi 6 ming 800 ta mahsulotlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar elektron portalga joylashtirildi.

Taʼkidlash joiz, ayni paytda Prezidentimizning 2022-yil 24-yanvardagi “Respublikada ishlab chiqarishni rivojlantirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirishning samarali tizimini yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi qaroriga asosan viloyatda tashkil etilgan ishchi guruhi shahar va tuman hokimliklari bilan birgalikda yangi turdagi mahsulotlarni mahalliylashtirish va korxonalar oʻrtasida kooperatsiya aloqalarini kengaytirish, import hajmini optimallashtirish yuzasidan doimiy tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ishchi guruhi tomonidan mahalliylashtirilayotgan mahsulotlar ishlab chiqarishini yoʻlga qoʻyayotgan tashabbuskorlarning muammolarini oʻrganish va ularga amaliy yordam koʻrsatish tizimi yoʻlga qoʻyilib, hududlarda hal etish imkoni boʻlmagan muammolar tahlil qilinmoqda. Tahlillar natijasida aniqlangan muammolarni tegishli masʼullar hamkorligida muhokama qilish va zaruriy choralarni koʻrish tadbirlari nazoratga olingan.

Qaror doirasida joriy yilda 56 ta hududiy korxonada 142 turdagi yangi mahsulotlar oʻzlashtirilishi hamda 1,1 trillion soʻmdan ortiq import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilishi va bularning hisobiga mingga yaqin ish joyi yaratilishi hamda 90 million AQSH dollaridan ortiq miqdorda valyutani tejash rejalashtirilgan. Shuningdek, oʻzlashtirish uchun tavsiya etilayotgan 980 ta mahsulot turidan 55 tasi tanlab olinib, mahalliy resurslar asosida oʻzlashtirish boʻyicha tadbirkorlik subyektlari bilan birgalikda loyihalar tayyorlanmoqda.

Tarmoqlarning ehtiyojiga asosan viloyatdagi 21 ta hududiy korxona tomonidan 52 turdagi mahalliy mahsulotlarni yetkazib berish boʻyicha kooperatsiya aloqalarini oʻrnatish yuzasidan tarmoq korxonalari va tadbirkorlik subyektlari kesimida manzilli rejalar belgilab olingan.

— Viloyatdagi sanoat korxonalari oʻrtasida 2022-yil yanvar-mart oylarida “Elektron kooperatsiya” portali orqali 439,2 milliard soʻmlik shartnomalar tuzildi, — deydi O. Eraliyev. — 2022-yilning 15-mart kuni viloyat hokimligi va “NKMK” AJ tomonidan “Navoiy mashinasozlik zavodi” ning ishlab chiqarish maydonida Qiziltepa tumani hamda Navoiy shahridagi tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida uchrashuv oʻtkazilib, unda Mahalliylashtirish sanoat zonasini tashkil etish, bunda NKMK uchun butlovchi buyum va ehtiyot qismlarni yetkazib berishga ixtisoslashgan korxonalarni yoʻlga qoʻyishga kelishib olindi.

Viloyatda kooperatsiya aloqalarini yanada kengaytirish maqsadida Respublika Vazirlar Mahkamasining joriy yil 26-martdagi “2022-yilda hududiy va respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkalarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi qaroriga koʻra, 20-21-oktyabr kunlari hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Ayni kunlarda viloyatdagi tarmoq korxonalarning ehtiyojlariga asosan 21 ta hududiy korxonalar tomonidan qoʻshimcha ravishda 52 turdagi mahalliy mahsulotlarni yetkazib berish boʻyicha kooperatsiya aloqalarini oʻrnatish yuzasidan tarmoq korxonalari va tadbirkorlik subyektlari kesimida «mahsulotbay» manzilli rejalari ishlab chiqilmoqda.

Temur ESHBOYEV,“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?