SamDUda yana bir xalqaro anjuman oʻtkazilmoqda

20:07 26 Aprel 2024 Jamiyat
317 0

Samarqand davlat universitetida «Oʻtmishni qadrlash, kelajakka tayyorgarlik: bugungi kunda ingliz tilini oʻrganish» mavzuida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtmoqda.

Samarqand davlat universiteti hamda Osiyo ingliz tili oʻqituvchilar assotsiatsiya hamkorligida tashkil etilgan ushbu anjumanda Buyuk Britaniya, AQSH, Rossiya, Hindiston, Indoneziya, Tailand, Qozogʻiston, Tojikiston kabi davlatlardan oltmishga yaqin olimlar ishtirok etmoqda.

Tadbirda pedagoglar uchun innovatsion oʻqitish usullari va ingliz tilidagi dolzarb muammo hamda xalqaro tadqiqot natijalari muhokama qilindi. Shuningdek, hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar olib borish, nufuzli xalqaro jurnallarda maqolalar eʼlon qilish masalalari ham koʻrib chiqilyapti.

Marosimni Samarqand davlat universiteti xalqaro hamkorlik boʻyicha prorektori, professor Akmal Ahatov kirish soʻz bilan ochdi.

Suvarsih Madya, Indoneziyaning Sarjanaviyata Tamansisva universiteti professori, Osiyo ingliz tili oʻqituvchilar assosatsiyasi prezidenti:

Konferensiyaga puxta tayyorgarlik koʻrilgan. Anjumanning yuqori saviyada oʻtayotgani buning yaqqol dalildir. Markaziy Osiyo davlatlarida ingliz tiliga oid xalqaro konferensiyalar kam oʻtkaziladi.

Hamkasblarimiz bilan ingliz tilini chet tili sifatida oʻqitishdagi muammolar va ularni oʻrganish, tan olingan tadqiqotga asoslangan yondashuvlar haqida fikr almashdik. Sohaga oid innovatsion dasturlar, platformalar va ilovalarni muhokama qilyapmiz.

Samarqand davlat universiteti keng xalqaro hamkorlik aloqalariga ega boʻlib, ilmiy salohiyati yuqori boʻlgan professor-oʻqituvchilar faoliyat koʻrsatadi. Aynan shuning uchun ham konferensiyani SamDU da oʻtkazish har tomonlama manfaatlidir.

Karin de Jonge-Kannan, AQSHning Yuta davlat universiteti professori:

— Fulbrayt dasturi ishtirokchisiman. Shu sababdan Samarqand davlat universitetiga ikki yildan buyon tashrif buyuraman. Universitet professor-oʻqituvchi va talabalarning ingliz tilini oʻrganishga boʻlgan qiziqishi juda yuqori. Mazkur konferensiyaning SamDU da oʻtkazilishi ayni muddao boʻldi.

Tadbirda «Til oʻrgatishning aspektlari va sunʼiy intellekt» nomli maʼruzam bilan ishtirok etmoqdaman. Til oʻrganishda sunʼiy intellektning roli tobora ortib bormoqda. Ayni vaqtda SamDU Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi talabalari uchun ingliz tili maxsus oʻquv dasturlarini ishlab chiqdik. Bu orqali talabalar mutaxassislik fanlari boʻyicha ingliz tili bilimlarini bosqichma-bosqich egallash imkoniga ega boʻladilar.

Ravender Gargesh, Samarqand davlat universiteti ingliz va roman-german tillari kafedrasi mudiri, professor:

— Bugungi konferensiyada ishtirok etayotgan mutaxassislar dunyo tan olgan ingliz tili oʻqituvchilari hisoblanadi. Kafedramiz aʼzolari uchun bu yaxshi imkoniyat boʻldi. Oʻqituvchilarimiz xorijlik olimlar bilan oʻzaro muloqotga kirishib, oʻz tajribalarini almashmoqda. Qator tavsiyalar olishmoqda.

Hamkorlikda Scopus va Web of Science bazalarida ilmiy maqolalar eʼlon qilish, darslik va oʻquv qoʻllanmalar nashr etish ishlarini reja qilmoqda. Xorijlik olimlar ham konferensiyada qatnashganligidan xursand. Bu tomonlar uchun manfaatli boʻlishiga ishonaman. Konferensiya ishtirokchilari bilan toʻplangan maʼruzalarni toʻplam shaklida nashr etishga kelishdik.

Dildora Boshmonova, Samarqand davlat universiteti filologiya fakulteti talabasi:

— Bitiruvchi kurs talabasiman. Konferensiyada ishtirok etayotganimdan xursandman. Bir qator xorijlik olimlar bilan tanishdim. Magistraturada ilmiy ish qilish uchun tavsiyalar oldim. Ularning dolzarb mavzudagi maʼruzalarini tingladim.

Anjuman ishtirokchilari orasidan oʻzimga ilmiy rahbar tanlamoqchiman. Agar rozi boʻlsa, AQSHning Yuta davlat universiteti professori Karin de Jonge-Kannanga shogird tushmoqchiman.

Behruz SHAMSIDDINOV, SamDU axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan suratlar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер