SamDUda Kvant haftaligi boʻlib oʻtmoqda

13:36 11 Dekabr 2024 Jamiyat
139 0

Ushbu xalqaro anjumanda AQSH ning Dallasdagi Texas universiteti Nanotexnologiya instituti direktori oʻrinbosari, ITMO universiteti gibrid nano fotonika hamda optoelektronika laboratoriyasi mudiri, Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi Anvar Zohidov, Rossiya Kvant markazi asoschisi Ruslan Yunusovlar onlayn maʼruzalari bilan qatnashdi.

Anjumandan maqsad kvant hisoblashning ustuvor ilmiy yoʻnalishlari, tabiatshunoslik fanlari, kvant texnologiyalari sohasidagi bilimlarni zamonaviy ilm-fan yutuqlari bilan integratsiya qilishdir. Tadbir ishtirokchilari tomonidan axborot texnologiyalari, matematika, matematik modellashtirish, kimyo taʼlimi yoʻnalishlaridagi talabalar va maktab oʻquvchilariga dars oʻtish ham koʻzda tutilgan.

Akmal Axatov, Samarqand davlat universiteti xalqaro hamkorlik boʻyicha prorektori, professor:

Samarqand davlat universiteti rektori, Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Rustam Xolmurodov oʻtgan yili Rossiya Kvant markazida boʻlib, qator kelishuvlarga erishib, Oʻzbekistonda rossiyalik olimlar bilan hamkorlikda Kvant haftaligini tashkil etish taklifini ilgari surgan edi. Bugun mazkur loyiha qoʻllab-quvvatlanib, Samarqandda kvant haftaligi boʻlib oʻtmoqda. Jizzax, Olmaliq, Toshkent shaharlari boʻylab anjuman ishtirokchilari maktab oʻquvchilari va talabalarga kvant fizikasiga oid maʼruza, amaliy mashgʻulot, seminar, viktorinalar oʻtishi rejalashtirgan.

Maksim Ostras Rossiya kvant markazi direktori, professor:

— Samarqand davlat universitetida boʻlib oʻtayotgan Kvant haftaligi doirasida olimlar bilan kvant mexanikasining asosiy tamoyillari va tushunchalari, zamonaviy fizikada kvant nazariyasining oʻrni, kvant hisoblash va kvant kommunikatsiya texnologiyalari boʻyicha fikr-mulohazalarimizni oʻrtoqlashdik… Samarqand davlat universitetida Kvant markazi tashkil etilganiga koʻp vaqt boʻlmasa-da yuqori natijalarga erishilmoqda. Professor Anvar Zohidov rahbarligida kvant fizikasi boʻyicha olib borilayotgan ilmiy izlanishlar bizda qiziqish uygʻotdi. Mazkur markazda tadqiqot olib borayotgan olimlarning 3 ta xalqaro grantidan ham xabarimiz bor. Rossiya kvant markazi va Samarqand kvant markazi oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun bugungi anjuman muhim oʻrin tutadi…

Dmitriy Chermoshentsev, Rossiya Kvant texnologiyalari ichki ilmiy-tadqiqot ishlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha loyiha guruhi rahbari:

— Oʻzbekistonda ilk bor kvant haftaligi oʻtkazilmoqda. Bugun Samarqandda jahon kvant ilmining yetuk mutaxassislari jam boʻldi. Bu bejizga emas. Samarqand davlat universiteti muhandislik, kvant, yadro fizikasi kabi sohalarda Markaziy Osiyoda, jahonda yetakchilik qilmoqda. SamDU da Kvant markazi ham mavjud. Mazkur markazga hamkorimiz, taniqli olim Anvar Zohidovning rahbarlik qilishi bizni quvontiradi…

Tadbirdan soʻng anjuman ishtirokchilari Samarqand davlat universiteti akademik litseyi, SamDU maktabida boʻlib, maʼruza va seminarlar oʻtishdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?