SamDU va Koreyaning Yeungnam universiteti oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

11:19 10 Iyul 2024 Dunyo
168 0

Foto: Shavkat AKRAMOV

Joriy yil yanvar oyida Samarqand davlat universiteti tarix fakulteti dekani, professor Dilfuza Joʻraqulova boshchiligidagi delegatsiya Janubiy Koreyaning Yeungnam universiteti tarix, madaniy antropologiya hamda muzeyshunoslik boʻlimlari rahbarlari bilan uchrashgan edi. Muloqot davomida hamkorlik masalalari muhokama qilinib, simpoziumlar tashkil etishga kelishilgandi.

SamDU Axborot xizmati xabariga koʻra, xalqaro hamkorlikning amaliy natijasi sifatida SamDUga Yeungnam universitetining professorlari Kim Jae Youn va Lee Eun Jeong boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.

Uchrashuv davomida SamDU tarix fakulteti va Yeungnam universiteti madaniy antropologiya boʻlimi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Rasmiy uchrashuvdan soʻng «Oʻzbek va koreys xalqlarining madaniy almashinuvi» mavzuida tadbir oʻtkazildi. Unda xalqlarimizning milliy urf-odatlari koʻrsatilib, milliy cholgʻu kuylari ijro etildi.

Shundan soʻng «Akademik simpozium va oʻzaro madaniy almashinuv» mavzuida xalqaro tadbir oʻtkazildi. Unda SamDU va Yeungnam universiteti olimlari ikki davlat tarixchiligi boʻyicha qiziqarli maʼruzalari bilan ishtirok etdi.

Kim Dae Vook, Yeungnam universiteti professori:

— Samarqand davlat universiteti faoliyati bilan tanishish menga zavq bagʻishladi. Universitet 600-yillik boy tarixga egaligi meni quvontirdi. SamDUdagi arxeologiya va Samarqanddagi «Afrosiyob» muzeylari menda katta taassurot qoldirdi. Samarqand davlat universitetida koreyalik professor-oʻqituvchi va tadqiqotchilarning faoliyat koʻrsatishi tahsinga sazovor. Afrosiyob muzeyida qadimiy Koreya elchilarining devoriy tasvirlarini koʻrib, xalqlarimiz qadimdan aloqalar oʻrnatganligiga yana bir bor guvoh boʻldim. Oʻzim uchun yangi tarixni kashf qildim.

Lee Eun Jeong, Yeungnam universiteti muzeyshunoslik boʻlimi direktori, professor:

— Samarqandga ilk bor kelishim. Doim ushbu mashhur tarixiy shaharda boʻlishni orzu qilganman. Samarqand haqiqatdan ham ochiq osmon ostidagi muzey. Oʻzining tarixiyligi, madaniyligi bilan alohida ajralib turadi. Samarqand davlat universitetida tashkil etilgan xalqaro anjumanda ishtirok etganimdan xursandman. Tadbir yuqori saviyada oʻtdi. Samarqandda tajriba almashishimiz biz uchun muhim.

Maʼlumot uchun, Samarqand davlat universitetida joriy yilning fevral oyida Yeungnam universiteti bilan hamkorlikda «Inson resurslarini boshqarish va Saemaul taʼlimoti» ilmiy-tadqiqot markazi ochilgan edi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?