“Samarqandni koʻrishni bir umr orzu qilganman...”
Samarqand dunyoning eng yirik madaniyat-maʼrifat, fan, adabiyot va siyosiy muloqotlar markaziga aylanmoqda. Qadimiy va hamisha navqiron shaharga keluvchi xorijiy sayyohlar sonining yildan-yilga koʻpayib borayotgani esa Samarqandning inson umri davomida bir marta boʻlsa-da borib koʻrishi shart boʻlgan shaharlar qatorida kiritilganini yana bir tasdigʻidir. Birgina misol, malayziyalik sayyoh Muhammad Farid Shahran eʼtirof etganidek, shahar ziyorat qilishga va zavqlanishga arziydi, didi nozik har qanday insonni hayratlantiradi.
— Samarqandning naqadar goʻzal shahar ekanligidan juda hayratdaman, deydi Shahran. — Men uchun bu qadim shaharda boʻlish hayotimdagi eng yorqin voqea boʻlib qoladi. Ulugʻ alloma Imom Abu Mansur Moturidiyning kindik qoni toʻkilgan zaminni koʻrish, uning qabrini tavof qilishni koʻpdan buyon orzu qilardim. Bugun ana shu orzuyim amalga oshganidan juda ham mamnunman. Azim Samarqand boʻylab Muqaddas qadamjolarni ziyorat qilganimiz menda katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, ulugʻlarning xotirasini yod olganimiz ruhimizga poklik bagʻishladi.
Haqiqatda, Samarqandning boy turistik obyektlarini koʻrish maqsadida viloyatga 2025-yilning 6 oyida 1,5 mln. nafar xorijiy, 3 mln. nafar mahalliy sayyohlar tashrif buyurdi. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan xorijiy sayyohlar boʻyicha 146 foizni, mahalliy sayyohlar boʻyicha 182 foizni tashkil etdi.
—2024-yilda turizm xizmatlari eksporti 537 mln. dollarni tashkil etib, turistlarning oʻrtacha qolish kuni 3 kunga uzaydi,— deydi viloyat Turizm boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Joʻrabek Suyunov. —Bugungi kunda Samarqand viloyatida xorijiy sayyohlarga sifatli xizmat koʻrsatish maqsadida 740 ta joylashtirish vositalari, jumladan 184 ta mehmonxona, 421 ta oilaviy mehmon uyi, 135 ta xostel faoliyat koʻrsatmoqda.

Ayni kunlarda dunyo eʼtiboriga tushgan xalqaro sayyohlik majmuasi odamlar bilan gavjum. Ayniqsa, kechki payt minglab yurtdoshlarimiz, shuningdek, xorijlik sayyohlar hududdagi “Boqiy shahar” majmuasi va musiqali favvorani tomosha qilishga kelishadi.
— Namangan viloyatining Uchqoʻrgʻon tumanidanman, — deydi Lolaxon Ismatullayeva. — Samarqanddagi turizm markazini tomosha qilish uchun oilamiz bilan ataylab keldik. Juda chiroyli dam olish maskani boʻlibdi. “Boqiy shahar” majmuasini tomosha qilsangiz, nafaqat butun Samarqand shahrini, yurtimizni aylanib chiqqandek boʻlasiz. Ayniqsa, kechki payt bu hududni piyoda kezgan kishi oʻzini turizm sohasi rivojlangan mamlakatlarning goʻzal shaharlarida yurgandek his qiladi.
Viloyatdagi turizm salohiyati yuqori va infratuzilmasi mavjud boʻlgan jami 14 ta qishloq va mahallalarga “turizm qishlogʻi” maqomini berish ishlari davom etmoqda. 2025-yil davomida Nurobod tumanining Oqsoy, Samarqand tumanining Yangijoy, Urgut tumanining Omonqoʻton va Tersak mahallariga “Turizm qishlogʻi” maqomi berildi.
— Yil oxirigacha viloyatga 3 million nafar xorijiy va 5 million nafar mahalliy sayyoh jalb etilib, turizm xizmatlari eksportini 550 mln. AQSH dollariga yetkazish rejalashtirilgan, — deya fikrini davom ettiradi Joʻrabek Suyunov. — Shu bilan birga, qiymati 2 trillion 63 milliard 290 million soʻmlik 30 ta loyiha, jumladan, 10 ta mehmonxona, 15 ta ovqatlanish va dam olish maskanlari, 3 ta savdo va koʻngilochar markazi, 2 ta sanatoriy va sogʻlomlashtirish markazi loyihalari ishga tushiriladi.

Bundan tashqari, joriy yilda Samarqand shahrida BMTning Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha tashkiloti (YUNESKO) Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi oʻtkaziladi. Soʻnggi 40-yil ichida birinchi marta YUNESKOning Parij shahridagi qarorgohidan boshqa joyda oʻtkazilishi belgilangan bu voqea tashkilotning 80-yillik yubileyiga toʻgʻri kelgani bilan ham ahamiyatlidir.
Dunyo eʼtibori Samarqandga qaratilgan shunday kezlarda xizmat koʻrsatish sohasi xodimlaridan tortib, gid-tarjimonlargacha, hatto barcha yurtdoshlarimiz milliyligimiz, madaniyatimiz va mehmondoʻstligimizni astoydil namoyon etib, mamlakatimizning xalqaro imijini yanada mustahkamlashga oʻz hissasini qoʻshadi, deb ishonamiz.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV,
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring