Samarqandda Turkiya bilan hamkorlikda ochilgan yuzdan ortiq korxona mavjud

17:24 06 Iyun 2024 Jamiyat
238 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Bugungi kunda Samarqand viloyatida Turkiya kompaniyalarining kapitali ishtirokida jami 104 ta, shundan 48 ta qoʻshma korxona hamda 56 ta xorijiy korxona faoliyat yuritib kelmoqda.

Urgut tumanidagi “IDEAL ELEKTRO LYUKS”, Pastdargʻom tumanidagi “Panelsav”, Samarqand shahridagi “KAPLANSER SAM”, “SAM ANTEP TEXTILE GROUP”, “SAM-ANTEP-GILAM”, “ZARTEK DIALIZ MEDSERVIS” MCHJ lar shular jumlasidandir.

2023-yil davomida 13 ta investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida Turkiya davlatidan jami 15,7 million AQSH dollariga teng xorijiy investitsiya mablagʻlari oʻzlashtirildi.

— Joriy yil davlat investitsiya Dasturiga muvofiq viloyatda Turkiya davlati bilan hamkorlikda 2 ta yangi investitsiya loyihalari amalga oshirilayotgan boʻlib, yil yakuniga qadar ushbu loyihalar doirasida jami 2 million AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiya mablagʻlari oʻzlashtirilishi rejalashtirilgan, — deydi Samarqand viloyati Investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshligʻi birinchi oʻrinbosari Sheroz Sobirov. — Xususan, “ALIHAN ORGANIC AGRO LLC” MCHJ negizida “Lavanda gulini qayta ishlash” loyihasi doirasida 500 ming AQSH dollari oʻzlashtiriladi.

Samarqand viloyati hamda Turkiya Respublikasi oʻrtasida oʻzaro savdo-iqtisodiy aloqalar yoʻnalishida oʻtgan 2023-yil davomida tovar aylanmasi 268,1 million AQSH dollarini tashkil etib, shundan 226,6 million AQSH dollari miqdorida import hamda 41,5 million AQSH dollari miqdorida eksport amalga oshirildi.

Turkiya davlatiga qilingan eksport mahsulotlari asosan kalava-ip mahsuloti, toʻqimachilik mahsulotlari, meva-sabzavotlar va boshqa turdagi mahsulotlar hissasiga toʻgʻri kelmoqda.

Shuningdek, Samarqand shahri va Turkiyaning Sakarya, Afyonkarahisar, Konya hamda Gaziantep shaharlari oʻrtasida birodarlik aloqalarini oʻrnatish yuzasidan kelishuvlarga erishilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?