Samarqandda Turkiy dunyo tibbiyot kongressi boʻlib oʻtmoqda
Foto: “Xalq soʻzi”
Unda Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar sogʻliqni saqlash vazirlari bilan birga Tatariston sogʻliqni saqlash vaziri ham ishtirok etdi.
Kongressda Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov, Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev, Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov soʻzga chiqib, anjuman qatnashchilarini tabrikladi.
Tadbirdan koʻzlangan maqsad turkiy xalqlar tabobatining noyob merosi, boy tajribasi va tarixiy anʼanalarini oʻrganish barobarida, zamonaviy va innovatsion tibbiyot yutuqlaridan birgalikda foydalanish hamda ularni keng ommalashtirishga qaratilgandir.
Anjumanda Ozarbayjon sogʻliqni saqlash vaziri Teymur Musayev soʻzga chiqib, Turkiy davlatlar sogʻliqni saqlash vazirlarining navbatdagi yigʻilishini 2023-yil Turkiy dunyo madaniy poytaxti deb eʼlon qilingan Shusha shahrida oʻtkazishni taklif qildi.
Shuningdek, tadbirda Qozogʻiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri Ajar Giniyat, Qirgʻiz Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari Tilek Mamadaliyev hamda Tatariston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri Marsel Minnullin soʻzga chiqib, hamkorlik istiqbollari haqida oʻz fikrlarini bildirdi.
Tadbir davomida Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi hamda Kongressda ishtirok etgan barcha vazirlar “Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.
Dastur kun tartibidan oʻrin olgan nufuzli tadbir Oʻzbekiston-Turkiya tibbiyot forumi boʻldi. Unda har ikki mamlakat sogʻliqni saqlash vazirlari, tizim masʼullari, tibbiyot oliy oʻquv yurtlari, yetakchi davolash-profilaktika muassasalari, xususiy klinikalar, farmatsevtika kompaniyalari rahbarlari, soha mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Forumni Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov hamda Turkiya sogʻliqni saqlash vaziri Fahrettin Koja kirish soʻzi bilan ochdi. Qayd etilganidek, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi aloqalar oʻzaro qardoshlik va ishonch ruhiga asoslangan. Ikki davlat rahbarining birgalikdagi siyosiy irodasi va saʼy-harakatlari bilan keyingi yillarda oʻzaro munosabatlar butunlay yangi bosqichga koʻtarilgani eʼtirof etildi.
Hozirgi paytda Oʻzbekiston va Turkiya sogʻliqni saqlash vazirliklari oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida amaldagi memorandum mavjud. Unga muvofiq, 2019-yil dekabr va 2022-yil mart oylarida Turkiya sogʻliqni saqlash vaziri Fahrettin Koja Oʻzbekistonga tashrif buyurdi, 2019-yilda sogʻliqni saqlash va farmatsevtika sohalari boʻyicha birinchi Oʻzbekiston — Turkiya forumi boʻlib oʻtdi.
Yakunda ikki davlat tibbiyot muassasalari, sohaga ixtisoslashgan oliy oʻquv yurtlari va ularning klinikalari, xususiy sektor korxonalari va farmatsevtika kompaniyalari oʻrtasida oʻzaro manfaatli kelishuvlarga erishilib, memorandum hamda hamkorlik shartnomalari imzolandi.
Kunning ikkinchi yarmida Turkiy davlatlar tashkiloti sogʻliqni saqlash vazirlarining uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston tomoni Turkiy davlatlar tashkiloti sogʻliqni saqlash vazirliklari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, qardosh davlatlar tibbiyot oliy taʼlim muassasalari aloqalarini yanada jonlantirish, Turkiy tibbiyot oliy taʼlim muassasalari assotsiatsiyasi tuzish, tashkilotga aʼzo davlatlarning tibbiyot sohasida berilgan diplomlari oʻzaro tan olinishini taʼminlash, Turkiy davlatlar tibbiyot forumini oʻtkazish bilan bogʻliq takliflarni ilgari surdi.
Shuningdek, xalqaro anjuman doirasida tibbiyot koʻrgazmasi ham tashkil etildi.
Anjuman 17-avgust kuni oʻz ishini davom ettiradi.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston bojxona sohasi xodimlariga tabrik yoʻlladi
- Toshkentda Osiyo Olimpiya kengashiga yangi rahbar saylandi (+fotoreportaj)
- “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” milliy mukofoti xalqaro darajaga koʻtarilmoqda
- AQSH Adliya vazirligi Epshteyn ishi boʻyicha 3 millionta faylni eʼlon qildi
- Tramp Kubadan kelayotgan tahdid sabab AQSHda favqulodda holat eʼlon qildi
- Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida Osiyo Olimpiya kengashining 46-Bosh Assambleyasi boʻlib oʻtmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring