Samarqandda suv taʼminoti va yoʻllar yaxshilanmoqda

11:47 22 Oktyabr 2024 Jamiyat
96 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Samarqand shahrida ichimlik suvi taʼminoti va yoʻl tarmoqlarini qayta qurish, zamonaviy asosda modernizatsiyalash qizgʻin davom etmoqda. Bunga mahalliy qurilish tashkilotlaridan tashqari Turkiya, Xitoy qurilish kompaniyalari ham jalb etilgan.

Amir Temur koʻchasining Boʻstonsaroy koʻchasidan Gagarin koʻchasigacha boʻlgan 2,3 kilometr, Gagarin koʻchasidan Gulobod koʻchasi orqali M-37 avtomobil yoʻliga qadar 9,2 kilometr qismi qayta qurilmoqda. Jumladan, Amir Temur koʻchasining belgilangan qismida piyodalar yoʻlaklari qurilishi, tungi yoritish, svetofor qurilmalari, yoʻl belgilarini oʻrnatish, 3 qatlam asfalt yotqizish ishlari toʻliq nihoyasiga yetkazildi. Ayni paytda yerosti piyodalar yoʻlagini qurish va obodonlashtirish ishlari bajarilmoqda.

– Gagarin koʻchasida 2 ta tonnel, 2 ta transport vositalari uchun koʻprik qurish rejalashtirilgan. Ayni paytda koʻchaning Mirzo Ulugʻbek koʻchasi bilan kesishmasidagi tonnel qurilishi nihoyasiga yetkazilmoqda, – deydi Samarqand viloyati hokimining oʻrinbosari Akmal Shukurov. – Xuddi shunday tonnel Rudakiy koʻchasi kesishmasida ham barpo etilmoqda.

Samarqand shahrida jami 564,5 mingta aholi, 5119 ta ulgurji ichimlik suvi isteʼmolchilari mavjud boʻlib, ichimlik suv tarmoqlari uzunligi jami 801,4 kilometrni tashkil qiladi. Bugungi kunda davlat dasturlari ijrosi doirasida 105 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari rekonstruksiya qilindi.

Dahbet – 5 dona, Choʻpon-ota – 12 dona, Bogʻibaland – 1 dona suv inshootlarga ESV12 rusumli yangi nasoslar oʻrnatildi.

3-LOTga muvofiq Abu-Dabi Taraqqiyot jamgʻarmasi hisobidan qiymati
45,4 million dollar boʻlgan 15,8 kilometr ichimlik suv tarmoqlari, 2 ta katta Choʻpon ota va Dahbet suv inshooti hamda 6 ta nasos stansiyasini rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda.

Choʻpon ota suv inshootida 8 ta suv qudugʻi ishga tushirilishi moʻljallanib, ayni paytda loyiha hujjatlari tayyorlanmoqda. Dahbed suv inshootida ham yangi quvurlarni montaj qilish ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda. Eng muhimi, 12 ta suv qudugʻi qazilib, ishga tushirildi. Suv taʼminotidagi muammolarni hal etish maqsadida shaharning asosiy nuqtalarida yangi suv uzatish quvurlari yotqizildi.

Samarqandda qurilish va obodonlashtirishdan bosh maqsad shaharni zamonaviy maskanga aylantirish, infratuzilmani yanada takomillashtirish orqali farovonlikka erishishdir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?