Samarqandda suv taʼminoti boʻyicha xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi

17:13 14 May 2025 Jamiyat
127 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Samarqand shahrida “Oʻzsuvtaʼminot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Jahon banki va Shveysariya hukumati koʻmagida xalqaro anjuman tashkil etildi. Unda mamlakatimizning tegishli idoralari vakillari, xalqaro moliya institutlari ekspertlari, investorlar hamda hukumat vakillari ishtirok etmoqda.

Anjumanni Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev ochib berdi. Shuningdek, “Oʻzsuvtaʼminot” AJ boshqaruvi raisi Ahmad Suvonqulov, Shveysariyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi missiya rahbari oʻrinbosari, hamkorlik boʻlimi boshligʻi Andrin Fink hamda Jahon bankining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy vakili Tatyana Proskuryakova soʻzga chiqishdi. Ular oʻz maʼruzalarida suv infratuzilmasini rivojlantirish aholi farovonligi va milliy iqtisodiyot barqarorligida muhim oʻrin tutayotganini taʼkidlashdi.

Ayniqsa, global iqlim oʻzgarishlari hamda toza ichimlik suvi yetishmovchiligi ortib borayotgan bugungi kunda resurslardan oqilona va samarali foydalanish, sohada zamonaviy texnologiyalarni joriy etish dolzarb ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi. Shu bois, Oʻzbekistonda ushbu yoʻnalishda xalqaro moliya institutlari bilan amalga oshirilayotgan hamkorlik yuksak baholandi.

Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, 2017–2024-yillar davomida ichimlik va oqova suv tizimini rivojlantirishga 27,5 trillion soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltirilgan boʻlib, shundan 1 milliard AQSH dollari xalqaro moliya institutlari hissasiga toʻgʻri keladi. Natijada, 7,7 milliondan ziyod aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi tarmogʻiga ulandi, yashash sifati sezilarli darajada yaxshilandi.

Joriy yilda umumiy qiymati 2,179 milliard dollarga teng 21 ta loyiha doirasida 453,5 million dollarlik xalqaro mablagʻlarni oʻzlashtirish rejalashtirilgan. Unga koʻra:

— 9 484,4 km ichimlik suv tarmogʻi;

— 3 268,9 km oqova suv tarmogʻi quriladi;

— 18 ta suv olish inshooti;

— 32 ta oqova suv tozalash majmuasi barpo etiladi;

— 483 mingta zamonaviy suv hisoblagich oʻrnatiladi.

Mazkur loyihalar Toshkent shahri va viloyati, Qashqadaryo, Namangan, Buxoro, Samarqand, Sirdaryo, Xorazm, Navoiy viloyatlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasini qamrab oladi.

Konferensiya davomida mamlakatda suv infratuzilmasining bugungi holati, sohadagi islohotlar, “Oʻzsuvtaʼminot” AJning moliyaviy barqarorligi, xizmat koʻrsatish sifatini oshirish, raqamlashtirish va innovatsiyalarni joriy etish, shuningdek, davlat-xususiy sheriklik asosidagi yangi tashabbuslar muhokama qilinadi. Anjuman qatnashchilari Samarqand viloyatidagi suv taʼminoti korxonalari faoliyati bilan ham tanishishi koʻzda tutilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?