Hisor geologiya ekspeditsiyasi 2025-yilda oltin va boshqa foydali qazilmalarni aniqlash boʻyicha faoliyatini kengaytirmoqda (+Fotoreportaj)

14:44 15 Iyun 2025 Jamiyat
154 0

Hisor markaziy geologiya qidiruv ekspeditsiyasi Oʻzbekistonning janubiy hududlarida — Qashqadaryo, Surxondaryo va Samarqand viloyatlarining togʻli hududlarida geologik izlanishlar olib borib, foydali qazilmalar boʻyicha muhim natijalarga erishmoqda. Ekspeditsiya faoliyati davomida bir qancha maʼdanli va nomaʼdan konlar topilgan, ularning zaxiralari aniqlanib, Davlat zaxiralar balansiga topshirilgan. 2025-yil uchun jami 24 ta loyiha doirasida geologik qidiruv ishlari amalga oshirilmoqda.

Qashqadaryo dala ekspeditsiyasi tomonidan 7 ta loyiha doirasida ish olib borilmoqda. Bu loyihalar oltin, volfram, rux, grafit va kaliy tuzlari kabi foydali qazilmalarni izlash hamda baholash ishlarini oʻz ichiga oladi. Shu bilan birga, Qashqadaryo viloyatida joylashgan Madmon maydonidagi Akba oltin konida 2019–2024-yillarda olib borilgan izlanishlar natijasida 13 tonnadan ortiq sanoatbop oltin zaxirasi aniqlanib, Davlat zaxiralar balansiga kiritildi. Ayni paytda bu kon atrofida yangi zaxiralarni aniqlash maqsadida izlanishlar davom etmoqda.

Surxondaryo dala ekspeditsiyasi esa 17 ta loyiha ustida ish olib bormoqda. Ulardan 7 tasi davlat byudjeti hisobidan, 10 tasi esa Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining maxsus mablagʻlari asosida amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihalarda noruda foydali qazilmalar, qurgʻoshin-rux, mis va oltin maʼdanlashuvini oʻrganish boʻyicha izlanishlar olib borilmoqda. Ishlar togʻli, murakkab sharoitli hududlarda, yer usti va yer osti lahmlari hamda burgʻilash yoʻli bilan bajarilmoqda.

2025-yil davomida Hisor MGQE boʻyicha umumiy hisobda 31 970 m³ yer usti togʻ lahmlari, 2900 p.m yer osti lahmlari va 72 000 p.m burgʻilash ishlari bajarilishi rejalashtirilgan. Rejalashtirilayotgan zaxira hisob-kitoblariga koʻra, yilda oltin – 157 tonna, kumush – 190 tonna, mis – 270 ming tonna, qoʻrgʻoshin – 42 ming tonna, rux – 48 ming tonna, volfram – 8,5 ming tonna, litiy – 5 ming tonna va koʻmir – 6000 ming tonnaga koʻpaytirilishi koʻzda tutilgan.

Shuningdek, foydali qazilmalar prognoz zaxiralari boʻyicha ham yuksalish rejalashtirilgan. Jumladan, oltin – 215 tonna, kumush – 250 tonna, mis – 400 ming tonna, qoʻrgʻoshin – 56 ming tonna, rux – 60 ming tonna, volfram – 8,5 ming tonna, litiy – 5 ming tonna va noyob metallar 2,4 ming tonnaga yetkazilishi maqsad qilingan.

Jami 131 ta loyiha doirasida geologiya-qidiruv ishlari olib borilishi belgilangan boʻlib, ulardan 50 tasi davlat byudjeti hisobidan, 24 tasi “OKMK” AJ mablagʻlari, 63 tasi esa “NKMK” AJ hisobidan moliyalashtiriladi. Ushbu loyihalar respublika foydali qazilmalari bazasini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

Muhsin Umurzoqov/Davron Ernazarov,
“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер