Samarqandda Sharja amirligining arxeologik topilmalari koʻrgazmasi ochildi
Foto: “Xalq soʻzi”
Abdulaziz YOʻLDOSHEV/«Xalq soʻzi». Samarqanddagi «Ipak yoʻli» turizm va madaniy meros xalqaro universiteti qoshidagi Art-Rezidensiyada Sharja amirligining arxeologik topilmalari koʻrgazmasi ochildi.
Ochilish marosimida BAA Sharja amirligi Hukumati ijrochi raisi Shayx Fahim ibn Sulton Ol Qosimiy, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, Sharja arxeologiya boshqarmasi bosh direktori Eysa Yusuf, BAA delegatsiyasi vakillari, mahalliy mutaxassislar ishtirok etdi.
Tadbirda koʻrgazma ikki davlat oʻrtasidagi madaniy aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qilishini taʼkidlandi.
— Sharja qadimiy tarixga ega. Bu hududda koʻplab eksponatlar topilgan. Ahamiyatli tomoni shundaki, bu topilmalarning 80 foizi ilk bor Oʻzbekistonda koʻrgazmaga qoʻyildi, — dedi vazir Aziz Abduhakimov. — Koʻrgazmadan Arabiston va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi munosabatlar tarixi hamda Sharja Amirligining neolit davridan Islomgacha boʻlgan davriga oid 170 dan ortiq arxeologik topilmalar oʻrin olgan.
— Sharja amirligi arxeologik topilmalari koʻrgazmasining aynan Oʻzbekistonda ochilgani oʻziga xos ahamiyatga ega. Negaki ikki davlatning madaniyati, tarixi, eʼtiqodi mushtarak, — dedi Shayx Fahim ibn Sulton Ol Qosimiy. — Jumladan, Samarqand Buyuk Ipak yoʻlining markazida joylashgan boʻlib, u nafaqat tovarlar, balki gʻoyalar almashinuviga xizmat qilgan. Bu uzoq vaqt oldin, tosh asrida, inson Afrikadan chiqib, Arabistonga kelganida boshlangan. Sharja amirligi hududi dengiz ipak yoʻlida joylashgan boʻlib, qadimdan bir tomondan Yunoniston va Rim, ikkinchi tomondan Hindiston, Markaziy Osiyo va Xitoy oʻrtasida koʻprik boʻlib kelgan.
Sharjadagi Mleyxa arxeologik yodgorligida saroy, istehkomlar, uylar va insonlar hamda hayvonlar qabrlari topilgan. Topilmalarning umumiy maydoni 3 kilometrga choʻzilgan. Mleyxadan uzoq boʻlmagan hududda esa arxeologlar oltin, kumush, bronza, temir, fil suyagi, alebastr, shisha va boshqalardan yasalgan, bezatilgan buyumlar ham topilgan. Bu buyumlarda qadimgi Misr, Yunon, Rim, Parfiya, Oʻrta Osiyo, Hindiston madaniyati izlarini koʻrish mumkin.
Koʻrgazma 22-aprelgacha davom etadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sharqda hammasi tinch emas: Xitoy va AQSH Tinch okeanida faollashgani aytilmoqda
- Vatan va vijdon
- Aktrisa Halima Ibragimova 45 yoshida vafot etdi
- Alisher Usmonov Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi prezidenti etib saylandi
- Rasman Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov lavozimdan ketdi. Uning vazifasini bajaruvchi ham tayinlangan
- Sirdaryoda Toʻra Sulaymon uy-muzeyi ochildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring