Samarqandda Oʻzbekiston-Qirgʻiziston turizm forumi boʻlib oʻtdi

17:31 12 May 2025 Siyosat
160 0

Bugun, 12-may kuni, Samarqand shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Qirgʻiz Respublikasi Jogorku Keneshi oʻrtasida hamkorlik boʻyicha parlamentlararo komissiyaning beshinchi majlisi doirasida Oʻzbekiston – Qirgʻiziston turizm forumi boʻlib oʻtdi. Mazkur forum ikki davlat oʻrtasidagi turizm sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, sayyohlik almashuvini kengaytirish va madaniy yaqinlikni rivojlantirishga qaratilgan muhim tadbir sifatida tashkil etildi.

Forumda soʻzga chiqqanlar soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasida doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik aloqalari mustahkamlanib borayotganini, bu esa yangi sayyohlik yoʻnalishlarini yaratish va madaniy muloqotni faollashtirish uchun qulay zamin yaratayotganini taʼkidladilar. Shu nuqtayi nazardan, turizm sohasidagi sheriklikni kengaytirish ikki davlat oʻrtasidagi strategik aloqalarning yana bir muhim yoʻnalishiga aylangani qayd etildi.

Tadbir davomida ishtirokchilarga har ikki mamlakat hududlarining turizm salohiyati, mavjud infratuzilma, sayyohlarga taqdim etilayotgan xizmatlar sifati, mehmonlarni kutib olish va joylashtirish boʻyicha yaratilgan sharoitlar haqida taqdimotlar namoyish etildi. Bundan tashqari, istiqbolli qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, turistik mahsulotlarni ilgari surish boʻyicha dasturlar hamda turizm sohasiga investitsiyalarni jalb qilish masalalari muhokama qilindi.

Forum yakunida qatnashchilar ikki davlat oʻrtasidagi turizm sohasida hamkorlikni yanada chuqurlashtirish iqtisodiy oʻsish va yangi ish oʻrinlari yaratish bilan birga, xalqlar oʻrtasidagi madaniy yaqinlik, oʻzaro ishonch va anglashuvni mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar. Shu tariqa, Oʻzbekiston – Qirgʻiziston turizm forumi mintaqaviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladigan muhim maydonlardan biri sifatida eʼtirof etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер