Samarqandda yoʻlovchilar transport xizmatidan rozimi?

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Bugungi kunda Samarqand viloyati aholisiga 400 dan ortiq jamoat transporti vositalari xizmat koʻrsatmoqda. Samarqand shahrida roʻyxatdan oʻtgan 351 ta avtobusdan 221 tasi ichki yoʻnalishlarda harakatlanadi. Biroq bu koʻrsatkich Samarqand shahri uchun talab qilinadigan avtobuslarning 44,2 foizini tashkil qiladi, xolos. Tumanlarda ham avtobuslar yetishmaydi, Nurobod, Oqdaryo va Toyloq tumanlarida roʻyxatdan oʻtgan birorta avtobus mavjud emas.
Viloyatda avtostansiyalar tadbirkorlik subyektlariga tegishli boʻlsa, 1033 ta bekat avtomobil yoʻllari boshqarmasi balansida, 389 tasi tadbirkorlik subyektlariga qarashli.
— “Meʼyoriy-texnik talablar”ga muvofiq mazkur bekat va avtostansiyalarning holati oʻrganilganda bir qator kamchiliklar aniqlandi, — deydi viloyat transport boshqarmasi boshligʻi Ravshan Tojiyev. — Avtobus oraliq bekatlari yoʻlovchilarni tushirish-chiqarish maydonchasi, avtobuslar kirish va toʻxtash qismi, piyodalar kirish va chiqish qismi, yoʻl belgisi, ayvon, oʻrindiqlar, nogironlar uchun chiqish-tushish yoʻlakchasi (pandus), chiqindi qutisi va axborot koʻrsatkichlari kabi elementlar bilan jihozlanishi belgilangan boʻlsa-da, aksariyat bekatlarda yuqoridagi talablarning deyarli birortasi bajarilmagan.
Samarqand shahridagi Oydin yoʻl koʻchasida joylashgan “Kompleks trans” MCHJga tegishli “Samarqand” avtovokzali hududi qarovsiz holatda. Kirish va chiqish joylaridagi tekshirish postlari nosoz, nogironligi boʻlgan shaxslar uchun moʻljallangan joylar talab darajasida emas.
Kaftarxona mahallasidagi “Siyob” avtostansiyasi hududi ham qarovsiz. “Yoʻlovchi avtovokzallari va yoʻlovchi avtostansiyalari toʻgʻrisida”gi nizom talablariga javob bermaydi.
Shohi Zinda koʻchasida joylashgan “SXF Samarqand City Stroy” MCHJga qarashli “Shohi Zinda” avtostansiyasining maʼmuriyat xonasi tadbirkorlik subyektlari tomonidan “savdo doʻkoni” sifatida foydalanib kelinmoqda. Chiqarish va tushirish perronlari talab darajasida emas, nogironligi boʻlgan shaxslar uchun sharoit yaratilmagan. Avtostansiyadan chiqish qismi beton toʻsiq bilan toʻsib qoʻyilgan.
Spitamen shohkoʻchasidagi “Huasheng Technology” MCHJga tegishli “Hazora” avtostansiyasi hududida yoʻlovchilar va jamoat transporti vositalari harakati uchun sharoit ham amaldagi meʼyoriy hujjat talablariga javob bermaydi.
Shuningdek, Payariq tumanidagi “Ottava KAN” MCHJga qarashli “Payariq” avtostansiyasi rekonstruksiya qilinish rejalashtirilgan boʻlsa-da, bu ish amalga oshirilmasdan qolgan.
Paxtachi tumanidagi “Paxtachi tashkiliy Avto” MCHJga qarashli “Ziyovuddin” avtostansiyasi hududi jamoat transporti harakati uchun talabga javob bermaydi. Kutish xonalari va yosh bolali yoʻlovchilarga moʻljallangan xonalar tadbirkorlik subyektlari tomonidan “Maishiy texnikalar doʻkoni” sifatida ishlatilmoqda.
Kattaqoʻrgʻon tumanidagi “Shukrullo ota shohbekati” MCHJga qarashli “Payshanba” avtostansiyasida yoʻlovchilar kutishi uchun moʻljallangan bino va xonalardan savdo doʻkoni sifatida foydalanilmoqda. Bu yerda nogironligi boʻlgan shaxslar uchun yetarli sharoitlar yaratilmagan.
Narpay tumanidagi “Samarkand Ideal Servis” MCHJga qarashli “Mirbozor” avtostansiyasi hududi sanitariya-gigiyena talablariga javob bermaydi. Avtostansiyada nogironligi boʻlgan shaxslar uchun yetarli sharoitlar yaratilmagan, hududga kirish va chiqishda xavfsizlik choralari koʻrilmagan.
Jomboy tumanidagi “Jomboy Trans servis” MCHJga qarashli “Jomboy” avtostansiyasida kutish xonalari yoʻq. Bu yerda ham nogironligi boʻlgan shaxslar uchun yetarli sharoitlar yaratilmagan.
Bu bilan tizimda barcha ishlar oʻz holiga tashlab qoʻyilgan demoqchi emasmiz. Hozirda viloyat hokimligi tomonidan mazkur kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha masʼullarga aniq koʻrsatmalar berilgan boʻlib, masala nazoratga olingan.
Shuningdek, viloyatda aholining jamoat transportiga boʻlgan ehtiyojini qondirish, jamoat transportida xizmat sifatini oshirishga qaratilgan qator oʻzgarishlar amalga oshirilib, bir qancha yangi yoʻnalishlar tashkil etilgan va ularda yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatilmoqda.
Prezidentimizning 2023-yil 16-fevraldagi “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasi Samarqand shahar avtobus yoʻnalishlari tender tanlovlariga chiqarilib, yetti yoʻnalishda “Marokand trans 777” MCHJ gʻolib deb topildi va brutto-shartnomasi tuzilgan.
— Brutto-shartnoma tizimi tashuvchi korxona va nazorat qiluvchi organ oʻrtasida tuziladi, — deydi Ravshan Tojiyev. — Bunda tashuvchiga korxonaga jamoat transportiga qoʻyilgan talablarni, yaʼni yoʻnalish chizmasiga toʻliq rioya qilish, yoʻlovchilarga sifatli xizmat koʻrsatish, oraliq intervalga amal qilish, ish boshlanishi va tugashi tartibini bajarish vazifasi yuklatiladi. Shuningdek, shahar avtobus yoʻnalishlarini monitoring va nazorat qilish uchun tashkil etilgan “Samarqand yoʻlovchi tashishni monitoring va nazorat qilish” davlat muassasasi “UzBusMonitoring” (IVMS) axborot tizimi kuzatuv ishlari olib bormoqda. Kuzatilayotgan tirbandliklarni hisobga olgan holda jamoat transportiga ustunlik berish maqsadida Samarqand shahrining Abu Ali ibn Sino, Boʻstonsaroy koʻchalarida hamda Universitet xiyobonida avtobuslar uchun alohida tasma tashkil etilgan. Yaqinda shaharning Gagarin koʻchasida ham avtobuslar uchun alohida tasma tashkil qilish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Samarqand shahri aholisi va mehmonlari “2GIS.uz” ATTO mobil ilovasi orqali oʻzlariga kerakli avtobuslar harakatini kuzatish imkoniga ham ega boʻladi.
— Agar qoʻl telefoningizga bu mobil ilovani oʻrnatib olsangiz, bekatlarda avtobus kutish uchun vaqt yoʻqotmaysiz, — deydi “Yoʻlovchi tashishni monitoring va nazorat qilish” davlat muassasasi boshligʻi Aziz Islomov. — Chunki u orqali maʼlum bir yoʻnalishda qaysi avtobus kelayotgan boʻlsa oldindan xabar topib, kerakli vaqtda bekatga chiqasiz, xolos. Bu jamoat transportida harakatlanuvchi yoʻlovchilar uchun juda qulay.
Yana bir yangilik. Hozirda “Samarqand yoʻlovchi trans” davlat korxonasi tomonidan Gagarin koʻchasida joylashgan sobiq 2531-avtokorxona oʻrnida elektrobuslar uchun yangi avtosaroy qurilishi boshlangan. Yevropa taraqqiyot va tiklanish bankining 49 million dollar hisobidan sotib olingan elektrobuslarni saqlash, ularga texnik xizmat koʻrsatish maqsadida bunyod etilayotgan mazkur avtosaroyda 50 ta quvvatlash uskunalari oʻrnatiladi.
— Qariyb 4 gektar joyda egallagan yangi avtosaroyda quvvatlash, texnik sozlash hamda yuvish kabi qator sexlar ish boshlaydi, — deydi korxona bosh muhandisi Abdukarim Samadov. — Korxona faoliyatini boshlagach, 250 nafar tajribali haydovchi va 100 nafar servis xizmat koʻrsatuvchi xodimlar ishga qabul qilinadi. Haydovchilarning malakasi Xitoyning “YUTONG” kompaniyasi vakillari tomonidan imtihon oʻtkazish orqali aniqlanadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring