Samarqandda yoʻldagi koʻlmakka choʻmilgan bloger qamaldi
Videodan kadr
Samarqandda yoʻl oʻrtasida hosil boʻlgan koʻlmakda choʻmilgan bloger 10 sutkaga qamaldi. Bu haqda viloyat Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.
Kecha, 24-mart kuni yurtimizning koʻplab hududlarida yogʻingarchilik kuzatildi, ayrim joylarda kuchli yomgʻir yogʻishi qayd etildi. Buning natijasida baʼzi yoʻllarni suv bosib, kichik toshqinlar yuz berdi.
Shu kabi holat Samarqand viloyatining Urgut tumani “Kenagas” MFY hududidan oʻtgan Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarini bogʻlovchi M39 yoʻlida ham sodir boʻldi. Kuchli yogʻingarchilik sabab yoʻlning qatnov qismida yomgʻir suvlari toʻplanib qolgan.
Bu holatga tanqidiy yondashgan mahalliy blogerlardan biri D.Oʻ. yoʻl oʻrtasida hosil boʻlgan koʻlmakda choʻmilib, holat tasvirlangan videoni ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga joylagan. Videoda erkak yoʻldagi chuqurlar “basseyn”dek boʻlib ketganini aytgan.
“Shunaqa chuqurlardan biriga mashina tushib ketib, baloni yirtilib ketdi. Hatto choʻmilishingiz ham mumkin. Hozir choʻmilib koʻrsataman”, degan bloger.
Mazkur video ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalib, turli muhokamalarga sabab boʻlgach, Samarqand viloyati IIB JXX YHXB holat yuzasidan munosabat tildirdi.
Qayd etilishicha, yoʻl oʻrtasiga chiqib choʻmilgan blogerga nisbatan 10 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan.
“Jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan buzish yoki axloqqa zid xatti-harakatlarni amalga oshirish sizga tengdoshlaringiz orasida mana shunday “mashhurlik” olib kelishi uncha yoqimli boʻlmasa kerak?” deyiladi YHXB xabarida.
Qizigʻi shundaki, internetda bloger qamalgan kunning oʻzida aynan oʻsha hududdagi chuqurlar ikki nafar maxsus kiyimdagi ishchi xodim tomonidan yamalayotgani aks etgan tasvirlar tarqaldi.
Video muallifi yuqorida nomi keltirilgan blogerga murojaat qilib, u toʻgʻri ish qilganini, endilikda Oʻzbekistondagi notekis yoʻllarni shu yoʻl bilan toʻgʻrilash mumkin ekanini aytgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 1-mart — Zulfiya tavallud topgan kun. “Bugun tunda kelarmish bahor”
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Prix Versailles talqiniga koʻra 2026-yilning dunyodagi eng goʻzal muzeylari roʻyxatiga kiritildi
- Endilikda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini mobil ilova orqali elektron shaklda topshirish mumkin
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
- Eronning hujum salohiyati 50 foizga qisqardi – AQSH senatori
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring