Samarqandda firibgarlik bilan bogʻliq jinoyatlar soni nega oshib boryapti?

Samarqand viloyati sudining 2023-yildagi faoliyatiga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Tadbir avvalida jurnalistlar viloyat sudi binosi hamda sudyalar faoliyati bilan tanishtirildi. 2011-yilda foydalanishga topshirilgan binoning loyihasi aynan sud ishiga moslashtirilgan. Unda sudyalar, ularning yordamchilari, murojaatchilar uchun zarur barcha sharoitlar bor. Sud zallari ishni onlayn koʻrish imkonini beruvchi qurilmalar bilan jihozlangan.
Matbuot anjumanida Samarqand viloyati sudi raisi Olim Hayitov hamda uning oʻrinbosarlari sudlarda koʻrilgan ishlar, odil sudlovni taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar haqida yigʻilganlarga atroflicha maʼlumot berishdi.
Qayd etilganidek, oʻtgan yili viloyatdagi jinoyat ishlari boʻyicha sudlar tomonidan jami 6345 nafar shaxsga nisbatan 5163 ta ish koʻrilgan. Shundan 3850 ta ish boʻyicha 4946 nafar shaxsga nisbatan hukm chiqarilib, 1381 nafar shaxsga nisbatan 1294 ta ish tugatilgan. Sudlangan shaxslarning 505 nafarini ayollar, 1698 nafarini yoshlar, 137 nafarini voyaga yetmaganlar tashkil etadi.
Shu davrda viloyat sudlarining barcha instansiyalarida 9 ta jinoyat ishi boʻyicha 11 nafar shaxs oqlangan. 1232 ta jinoyat ishi taraflarning yarashganliklari munosabati bilan tugatilib, 1306 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod qilingan. Biroq tahlillar oʻtgan yilda oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish jinoyati bilan sudlanganlar 2022-yilga nisbatan 51 nafarga, firibgarlik boʻyicha 51 nafarga, hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish boʻyicha 78 nafarga koʻpayganini koʻrsatmoqda.
— Darhaqiqat, keyingi yillarda sudlarda koʻrilayotgan firibgarlik bilan bogʻliq jinoyatlar salmogʻi koʻpaydi, — deydi Samarqand viloyati sudi raisi O. Hayitov. — Shunday holatlar boʻladiki, ayblanuvchi tomon daʼvogarlarga pulni bir haftada qaytarib berishini aytib yarashadi va qonun talablariga koʻra sud ishi tomonlarning iltimosi bilan tugatiladi. Ammo oradan vaqt oʻtib, firibgar fuqarolarni ikkinchi marotaba aldagani maʼlum boʻladi. Shu bois sudlar tomonidan ayni jarayonda fuqarolarga tegishli huquqiy maslahatlar berilib, takroriy jinoyatlarning oldi olinmoqda.
Jurnalistlar masalaning ikkinchi tomoni, yaʼni firibgarlik uchun belgilangan jazo chorasi va yarashtiruv institutining samaradorligi masalasini koʻrib chiqish taklifi bilan chiqdi. Qonunbuzarning yetkazgan zararni qoplab, jazodan qutulib qolayotgani shu turdagi jinoyatlar sonining ortishiga xizmat qilayotgani taxmin qilindi. Masʼullar bu boʻyicha oʻrganish ishlari olib borilgani hamda Oliy sudga tegishli takliflar kiritilganini maʼlum qilishdi.
Tadbir doirasida viloyat maʼmuriy sudi raisi Т.Fayziyev ishtirokida brifing ham boʻlib oʻtdi.
Unga koʻra, oʻtgan yili maʼmuriy sudlarda tuman va shahar hokimlarining qarorlarini haqiqiy emas deb topish bilan bogʻliq 471 ta ish koʻrilgan. Shundan 219 ta qaror haqiqiy emas deb topilgan. 16 holatda qurilish boʻlimi mansabdor shaxslari, 64 holatda soliq idoralari mansabdorlarining xatti-harakati qonunga xilof deb topilgan. Oʻz navbatida apellyatsiya instansiyalarida koʻrilayotgan ishlar 24 foizga oshgan.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- JSST: Gʻazoda birorta shifoxona toʻliq ishlamayapti
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring