Samarqandda yetti turdagi yuqumli kasalliklar soni oshgani maʼlum boʻldi

15:13 20 Dekabr 2024 Jamiyat
252 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Samarqand viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi tomonidan press-tur oʻtkazildi. Unda 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar, kelgusi yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan maʼlumot berildi.

Joriy yilda viloyatda 39 turdagi yuqumli kasalliklardan 15 turi roʻyxatga olinmagan. 16 turdagi salmonellyoz, oʻtkir yuqumli ichak kasalliklari, brutsellyoz, OITV/VICH, skarlatina, suv chechak, virusli gepatitlar, gepatit virusini tashuvchilar, surunkali gepatitlar, oʻtkir rkepirator virusli infeksiyalar, sil kasalligi, trixofitiya, pedikulyoz, enterobioz, shifoxona ichi infeksiyalari, kovid kasalliklari 41 foizga kamaygan. Afsuski, qizamiq, zaxm, soʻzak, qoʻtir, teniarinxoz, leyshmanioz, geminolepidoz kasalliklari oshgan.

— Milliy emlash kalendar rejasi asosida 13 turdagi yuqumli kasallikka qarshi 97 foiz aholi emlandi, — deydi viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi boshligʻi Latif Rustamov. — Jumladan, parazitar kasalliklar joriy yilning oʻtgan davrida 10 ming 963 tani tashkil qilgan boʻlsa, bu koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 2114 taga kamaygan. Shuningdek, 9854 holatda virusli gepatit qayd etilib, oʻtgan yilga nisbatan 23 foiz kam kuzatilgan. Biroq virusli gepatitga qarshi vaksinatsiyalash milliy emlash dasturiga kiritilmagan. Maktab, bogʻchalardagi hojatxonalar, qoʻl yuvish moslamalari sanitariya-gigiyena talablariga javob bermaydi. Shu bois bu yoshdagi bolalarda virusli gepatitning “A” turi koʻp uchramoqda.

Shu yil bolalar va oʻsmirlar gigiyenasi boʻyicha 759 ta maktabgacha taʼlim tashkilotida tekshiruv oʻtkazilib, sanitariya-gigiyena talablariga mos boʻlmagan 528 ta bogʻcha hamda tekshirilgan 1060 ta umumtaʼlim muassasasidan 520 ta maktab rahbariga jarima chorasi qoʻllanildi.

Press-turda boshqarma tasarrufidagi radiologiya, immunoprofilaktika boʻlimlari, virusologiya, bakteralogiya, sanitariya-gigiyena laboratoriyalari hamda media markaz faoliyati bilan ham tanishildi. Boshqarma media markazida boʻlib oʻtgan muloqotda OAV xodimlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?