Samarqandda dasturlash bepul oʻrgatilmoqda

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Samarqand shahridagi “School – 21” raqamli texnologiyalar maktabida tinglovchilarga kompyuter savodxonligi, xalqaro talablar asosidagi C, C++, Java, Python, Go, SQL kabi dasturlash bepul oʻrgatib kelinmoqda.
Raqamli texnologiyalar vazirligi koʻmagida tashkil etilgan ushbu maktab 18 yoshdan boshlab barcha xohlovchilarga turli sohalardagi 40 ziyod yoʻnalishlarda elektron dasturlash tizimini oʻrgatadi. Eʼtiborli jihati, qabul uchun avvalgi bilim, ish tajribasi, dasturlash qobiliyati yoki diplomning borligi ahamiyatga ega emas.
Loyihada ishtirok etuvchilarning 50 foizidan ortigʻi uchun bu birinchi dasturlash tajribasi boʻladi. Yakuniy saralash bosqichidan keyin har bir ishtirokchi oʻz maqsadidan kelib chiqqan holda, individual taʼlim yoʻlini yaratadi. Bunda ishlab chiqish yoʻnalishlaridan birini, yaʼni backend, frontend, mobil ishlab chiqish, “GameDev”ni tanlashi mumkin. Yoki kod yozish talab qilinmaydigan beshta yangi sohalaridan biri — kiberxavfsizlik, “Data Science”, tizim va biznes tahlili, “DevOps” va yuklangan xizmatlarning uzluksiz ishlashini taʼminlashi, shuningdek, dasturiy taʼminotni sinovdan oʻtkazishni tanlash mumkin.
Shuningdek, IT sohasida ishlayotganlar tezlashtirilgan kurslarda oʻz malakasini oshiradi. Asosiy taʼlim oʻrganish tezligiga qarab 1,5-yildan 3-yilgacha davom etadi.
Har bir ishtirokchi oʻzi uchun qulay vaqtda oʻquv jadvalini tuzib olishi mumkin. Chunki maktab kampuslari har kuni 24 soat mobaynida ochiq boʻladi. Uzoqdan kelgan tinglovchilar yotoqxona bilan taʼminlanadi.
— Samarqanddagi dasturlash maktabi haqida doʻstlarimdan eshitib kelganman, — deydi surxondaryolik Yunus Toʻrayev. — Saralash bosqichidan oʻtib, mana besh oydirki, tarmoq administratori yoʻnalishida ishlayapman. Dasturlashni murabbiysiz, maʼruza yoki baholarsiz, faqat amaliy loyihalar ustida individual yoki jamoaviy ish olib boriladigan “tengdosh tengdoshga” taʼlim uslubi asosida oʻrganyapman. Meni barcha qulayliklarga ega yotoqxona bilan taʼminlashdi.
Bu maskanda respublikamiz viloyatlaridan tashqari, qoʻshni Tojikiston, Qozogʻiston va Qirgʻizistondan ham tinglovchilar dasturlashning sir-asrorlarini oʻrganishmoqda.
Ayni paytda “School – 21” raqamli texnologiyalar maktabi Samarqand va Toshkent shahrida faoliyat yuritmoqda. Tinglovchilar orasida taʼlim, logistika, tibbiyot, savdo, avtomobil tijorati va boshqa sohalar vakillarini uchratish mumkin. Endilikda ular dasturlash boʻyicha ham yetuk xalqaro mutaxassis boʻlishni istashadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring