Samarqandda avtomobil ehtiyot qismlari savdo majmuasi ochildi

19:07 01 Noyabr 2023 Iqtisodiyot
469 0

Samarqand tumanida “AVTO MALL SAMARQAND” masʼuliyati cheklangan jamiyatining avtomobil ehtiyot qismlari savdo majmuasi ish boshladi.

Joriy yilning avgust oyida Samarqandga tashrif buyurgan Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur bozorni oʻz ichiga olgan savdo, sanoat va servis majmuasi qurilish maydonida boʻlgandi. 37 gektar hududni egallagan majmuada umumiy qiymati 2 trillion 79 milliard soʻmlik 7 ta loyiha amalga oshirilmoqda.

Avtomobil ehtiyot qismlari bozori ushbu loyihalarning eng yirigi hisoblanadi va 11 gektar maydonda barpo etildi.

Davlatimiz rahbari oʻn mingga yaqin ish oʻrni yaratiladigan loyihalarni tezlashtirish, ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, ishsiz aholi bandligini taʼminlash muhimligini taʼkidlagandi.

“Nurli kelajak ishonch servis” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan 500 milliard soʻmlik loyiha asosida bunyod etilgan majmuaning ochilish marosimida viloyat jamoatchiligi vakillari, tadbirkorlar ishtirok etdi.

— Ushbu savdo markazi “Univer Pro Stile” MCHJ loyihasi asosida bunyod etildi, — deydi “Nurli kelajak ishonch servis” MCHJ rahbari Akbarali Qayumov. — Majmuaning birinchi qavatida avtomobil ehtiyot qismlari savdosiga moʻljallangan 751 ta savdo doʻkoni, 2 ta avtosalon, bank shoxobchalari va yengil avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatish nuqtalari mavjud. Shuningdek, 2300 ta avtomobil sigʻimiga ega avtoturargoh oʻrin olgan. Ikkinchi qavatda esa kafe va restoranlar, tibbiy xizmat koʻrsatish xonasi, trenajer zali, maʼmuriy xonalar tashkil etilgan. Mazkur obyekt ish boshlashi bilan 3 mingta yangi ish oʻrni yaratildi.

Savdo markazi Samarqand shahri markazidan 10 kilometr masofada Samarqand halqa yoʻli boʻyida joylashgani xaridorlar uchun qulaylik yaratadi.

— Bu yerlar jarlik, noteks va tashlandiq joy edi, endi esa qishlogʻimiz atrofi sanoat, xizmat koʻrsatish hududiga aylandi, — deydi Samarqand tumanidagi Doʻstlik mahallasi hokim yordamchisi Bahodir Abdurahmonov. — Bizning mahallamiz aholisi asosan qishloq xoʻjaligi bilan shugʻullanadi. Bozor ishga tushgach, yuzlab mahalladoshlarimiz shu yerda ishga joylashib, doimiy ish oʻrniga ega boʻldi. Umuman, bozor atrofidagi toʻrt-besh mahalladan koʻplab kishilar endi shu yerdan daromad topishi mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?