Samarqandda 24 mingga yaqin saylovchi muddatidan oldin ovoz berdi

16:27 20 Oktyabr 2021 Jamiyat
847 0

Foto: Abdulaziz Yo'ldoshev / Xalq so'zi

Ayni paytda Samarqand viloyatdagi 1111 ta saylov uchastkasining barchasi yakshanba kuni boʻlib oʻtadigan muhim siyosiy tadbirga tayyor. Hozirda saylov uchastkalarida muddatidan oldin ovoz berish davom etmoqda. Bu jarayon bugun soat 19.00 da yakuniga yetadi.

Saylov kuni maʼlum sabablarga koʻra oʻz yashash joyida boʻla olmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqidan foydalanmoqda. 14-oktyabrda boshlangan muddatidan oldin ovoz berish jarayonida bugungi kungacha viloyat boʻyicha 23 ming 839 nafar saylovchi ishtirok etdi.

Hozirda saylovchilar uchun taklifnomalar tarqatilgan. Shuningdek, saylov pandemiya sharoitida oʻtayotgani inobatga olinib, tibbiy himoya va antiseptik vositalar komissiya aʼzolariga yetkazilgan.

Har bir saylov uchastkasiga ikki nafardan tibbiyot xodimi biriktirilgan va ular saylov kuni ovoz berishga kelgan saylovchilarning haroratini oʻlchab, binoga kiritishga masʼul.

Saylov qonunchiligiga koʻra, saylovchilarning roʻyxatlariga oʻzgartishlar kiritish saylovga besh kun qolganida toʻxtatiladi. Yakuniy roʻyxatga koʻra, okrug hududida saylovchilarning umumiy soni 2 million 189 ming 526 nafarni, jumladan, birinchi marta saylovda qatnashuvchi yoshlar 151 ming 676 nafarni tashkil etmoqa.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi 7-Samarqand okrug saylov komissiyasining navbatdagi majlisida shular haqida soʻz bordi. Komissiya raisi F.Toshev boshqargan yigʻilishda Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 13-oktyabrdagi “Ayrim saylov uchastkalarida saylov jarayonini video-translyatsiya qilish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlarni belgilash toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlar ham belgilandi.

7-Samarqand saylov okrugida ovoz berish kuni saylov jarayoni onlayn video-translyatsiya qilinadigan saylov uchastkalari roʻyxati tasdiqlandi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kuni – 24-oktyabrda ovoz berish soat 8.00 dan 20.00 ga qadar amalga oshiriladi. Saylov uchastkalarida kuzatuvchilarga va ommaviy axborot vositalari vakillariga jarayonni kuzatish uchun barcha sharoit yaratiladi.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?