Samarqand viloyatida yil oxirigacha aholining 22 foizi sportga qamrab olinadi

14:47 17 Avgust 2022 Jamiyat
475 0

Foto: Xalq so‘zi

Bugungi kunda Samarqand viloyatida 32 ta sport taʼlim muassasasi, 2 ta olimpiya va paralimpiya kolleji, 4 ta ixtisoslashtirilgan sport maktabi, 24 ta bolalar-oʻsmirlar sport maktabi, bitta futbol mahorati maktabi faoliyat olib bormoqda. Mazkur inshootlarda 1 ming 149 nafar trener-oʻqituvchi 50 sport turi boʻyicha 33 ming 625 nafar yoshlarga mahorat sirlarini oʻrgatmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2021-yil 5-noyabrda qabul qilingan “Yurish, yugurish, mini-futbol, badminton, stritbol va «Workout” sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori hamda 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida mamlakatimizda jismoniy tarbiya va ommaviy sportning rivoji uchun muhim vazifalar belgilab berildi.

Samarqand viloyatida ushbu vazifalar ijrosini taʼminlash va aholini ommaviy sportga jalb qilish koʻlamini oshirish maqsadida oʻtgan qisqa davrda 82 kilometr salomatlik, 75 kilometr velosiped yoʻlaklari, 63 ta mini-futbol, 34 ta badminton, 323 ta “Workout”, 47 ta stritbol maydonchalari foydalanishga topshirildi.

— Shuningdek, Prezidentimizning mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi qarorga asosan viloyatdagi 1 ming 126 mahallada 7 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yigit-qizlar oʻrtasida sportning toʻqqiz turi boʻyicha besh bosqichli sport musobaqalari oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi, — deydi Samarqand viloyat sportni rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi Shuhrat Roʻziyev. — Ushbu ommaviy sport musobaqalarida viloyatimiz yoshlarining 17 foizi qamrab olindi. Turnir natijasiga koʻra, yoshlarimiz mazkur musobaqaning respublika bosqichida ikkinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi.

Viloyatda yil oxirigacha 881 ming 945 nafar, yaʼni aholining 22 foizini sportga qamrab olish koʻzda tutilmoqda. Bu koʻrsatkichni 2023-yilda 24, 2024-yilda 26 va 2025-yilda 30 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Buning uchun barcha zarur choralar koʻrilayotir.

Qayd etish kerakki, joriy yilning birinchi yarim yilligida viloyat sportchilari jahon, xalqaro, Osiyo va Oʻzbekiston birinchiliklarida munosib ishtirok etib, 1 ming 184 medalni qoʻlga kiritdi. Aytganday, hozirda viloyatdan 2024-yili Parijda oʻtkaziladigan Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga nomzod sifatida saralab olingan sportchilar qizgʻin tayyorgarlik mashgʻulotlarida qatnashmoqda.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер