Samarqand viloyatida 23 mingdan ziyod bola yozgi oromgohlarda sogʻlomlashtiriladi

17:56 27 Iyun 2023 Jamiyat
851 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Bugungi kunda Samarqand viloyatida 82 ta yozgi oromgoh mavsumga shay. Bu yil ularda 23 ming 395 nafar bola sogʻlomlashtirilishi rejalashtirilgan. Jumladan, 16 ta doimiy oromgohda 9415 nafar, 66 ta kunduzgi oromgohda 13 ming 980 nafar bola dam oladi. 10-iyundan boshlab viloyatdagi oromgohlar bolajonlarni bosqichma-bosqich qabul qila boshlaydi.

— Joriy yilda oromgohlarni mavsumga tayyorlash, bolalarning sifatli sogʻlomlashtirilishi va dam olishi uchun sharoit yaratish uchun 11 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ ajratildi, — deydi Bolalarning dam olishini va sogʻlomlashtirilishini tashkil etish departamenti viloyat boshqarmasi boshligʻi Feruza Qilicheva. — Mavsum davomida aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida kasaba uyushmalari viloyat kengashida shtab tashkil etildi. Shuningdek, oromgohlarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash boʻyicha autsorsing komissiyasi tarkibi tasdiqlanib, har bir oromgoh rahbari belgilangan autsorsing guruhi bilan sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini taʼminlash boʻyicha shartnomalar imzolab, ish olib bormoqda.

Foto: “Xalq soʻzi”

Urgut tumanining togʻ yon bagʻrida joylashgan “Chor chinor” bolalar oromgohi 1973-yilda qurilgan. U 300 oʻringa moʻljallangan boʻlib, atrofi manzarali va mevali daraxtlar bilan oʻralgan. Eʼtiborli tomoni, oromgohning qariyb 10 gektarga teng hududida bir qarich ham bekor yotgan joy yoʻq. Sakkizta yotoqxona, tibbiyot boʻlimi, sport maydonchasi, kutubxona, kompyuter xonasi, toʻgaraklar, basseyn va konsert uchun sahna deysizmi, barchasi bolalar ixtiyorida.

— Bu yilgi mavsumga alohida hozirlik koʻrdik, — deydi “Chor chinor” bolalar oromgohi direktori Anvar Fazliyev. — Yotoqxonalardagi matras, choyshab, xonalardagi eskirgan jihozlar, oshxonadagi idish-tovoqlarning barchasi yangilandi. Bolalarni sogʻlomlashtirish, dam olishlarini mazmunli tashkil etish maqsadida 50 nafardan ziyod tarbiyachi-murabbiy jalb etildi.

Foto: “Xalq soʻzi”

Toyloq tumani Adas mahallasidagi “Adas” bolalar oromgohida bu yilgi mavsumda toʻrt navbatda 400 nafar bola qabul qilinadi. Oromgohda taʼmirlash ishlari olib borilgan boʻlib, tajribali pedagog, tarbiyachi va trenerlar jalb qilingan. Yotoqxona, sport maydonchasi, oshxona, maʼnaviyat zali hamda toʻgaraklar bolalar ixtiyorida boʻladi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер