Samarqand va Jizzaxda kredit mablagʻlarini oʻzlashtirish holatlari aniqlandi

16:50 21 May 2024 Jamiyat
172 0

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Samarqand va Jizzax viloyatlarida kredit mablagʻlarini oʻzlashtirish holatlari aniqlanganini maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Paxtachi tuman boʻlimi tomonidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilgan. 

Unda “A.E.” xususiy korxonasi rahbari “E.A.” pishiq gʻisht ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish uchun ajratilgan 2,2 mlrd soʻm imtiyozli kredit evaziga xarid qilingan uskunalarni sotib yuborib kredit mablagʻlarini talon-toroj qilgani, shuningdek, hududiy tijorat banki filiali masʼul shaxslari “A.E.” korxonasi tomonidan ishlar toʻliq bajarilmagan boʻlsa-da, uskunalarni garov taʼminoti sifatida olib qoʻymagani maʼlum boʻlgan.

Shu kabi, Departamentning Paxtakor tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “O.S.” va “P.O.” MCHJ masʼul shaxslari “P.O.” MCHJga yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyasini sotib olish uchun tijorat banki filialidan ajratilgan kredit evaziga 849,9 mln soʻmlik ishlarni bajarib, 1,9 mlrd soʻm kredit mablagʻlarini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Departamentning Qoʻngʻirot tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “Sh-Sh.” korxonasi masʼul shaxslari va boshqalar avtomobillarga xizmat koʻrsatish uskunalari olish uchun ajratilgan 1,4 mlrd soʻm kredit mablagʻini “M.T.” MCHJ hisob raqamiga oʻtkazilib talon-taroj qilganliklari, shuningdek, bank filiali masʼul shaxslari ajratilgan kredit mablagʻining maqsadli sarflanishini va garovga qoʻyilgan mulkning saqlanishini oʻrganmaganliklari aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) va 205-moddalari (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiisteʼmol qilish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?