Samarqand sammiti yakunida salmoqli hujjatlar toʻplami imzolandi

19:02 16 Sentyabr 2022 Siyosat
979 0

Foto: president.uz

16-sentyabr kuni Samarqand shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisi boʻlib oʻtdi.

Sammitda SHHT faoliyatining muhim sohalaridagi hamkorlik holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. SHHT Davlat rahbarlari kengashining Samarqand deklaratsiyasi tadbirning bosh yakuniy hujjati boʻldi.

Jami 44 ta hujjat - bitim, konsepsiya, dasturlar va boshqa qarorlar qabul qilindi. Bu tashkilot tarixida rekord koʻrsatkichdir. Jumladan:

— SHHTga aʼzo davlatlarning uzoq muddatli yaxshi qoʻshnichiligi, doʻstligi va hamkorligi toʻgʻrisidagi shartnoma qoidalarini 2023-2027-yillarda amalga oshirish boʻyicha kompleks harakatlar rejasi toʻgʻrisida;

— SHHTga aʼzo davlatlarning oʻzaro bogʻliqlikni rivojlantirish va samarali transport yoʻlaklarini yaratish boʻyicha konsepsiyasi toʻgʻrisida;

— “SHHTning ezgu niyat elchisi” faxriy unvoni toʻgʻrisidagi nizom toʻgʻrisida;

— SHHTga aʼzo davlatlarning oʻzaro hisob-kitoblarida milliy valyutalar ulushini bosqichma-bosqich oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” toʻgʻrisida;

— Eronning SHHTga aʼzo davlat maqomini olish uchun majburiyatlari toʻgʻrisidagi memorandum imzolangani toʻgʻrisida;

— Belarus Respublikasini SHHT aʼzoligiga qabul qilish jarayonini boshlash toʻgʻrisida;

— Maldiv Respublikasi, Bahrayn, Birlashgan Arab Amirliklari, Myanma Ittifoqi Respublikasi, Quvayt Davlatiga SHHTning muloqot boʻyicha sherigi maqomini berish toʻgʻrisida;

— Varanasi shahrini (Hindiston) 2022-2023-yillarda SHHTning turizm va madaniy poytaxti deb eʼlon qilish toʻgʻrisida;

— SHHT kotibiyati va Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha BMT (YUNESKO) oʻrtasida memorandumni imzolash toʻgʻrisida;

— SHHT Bosh kotibining tashkilotning oʻtgan yilgi faoliyati hamda SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Kengashining 2021-yilgi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotlari haqida;

— SHHT Davlat rahbarlari kengashi qarorlarining amal qilishini bekor qilish toʻgʻrisida;

— SHHT faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilindi.

Shuningdek, SHHT Davlat rahbarlari kengashining:

— iqlim oʻzgarishiga nisbatan javob harakatlari toʻgʻrisida;

— ishonchli, barqaror va diversifikatsiyalashgan yetkazib berish zanjirlarini taʼminlash toʻgʻrisida;

— global oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash toʻgʻrisida;

— energetik xavfsizlikni taʼminlash toʻgʻrisidagi bayonotlari qabul qilindi.

Bundan tashqari, tadbir doirasida quyidagi hujjatlar imzolandi:

— Eronning SHHTga aʼzo davlat maqomini olish uchun majburiyatlari toʻgʻrisidagi memorandum;

— SHHTga aʼzo davlatlar hukumatlari oʻrtasida turizm sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida bitim;

— SHHTga aʼzo davlatlar oʻrtasida xizmatlar savdosi sohasidagi hamkorlikning hadli asoslari;

— SHHT mamlakatlarining vakolatli organlari oʻrtasida muzey ishi sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida memorandum;

— SHHT mamlakatlarining vakolatli organlari oʻrtasida oʻsimliklar karantini sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida bitim;

— SHHT mamlakatlarining qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi hamkorligi dasturi;

— SHHT mamlakatlarini infratuzilmaviy rivojlantirish dasturi;

— SHHT mamlakatlarining ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi sanoat kooperatsiyasini ragʻbatlantirish dasturi;

— Raqamli savodxonlikni rivojlantirish boʻyicha SHHT dasturi;

— SHHTga aʼzo davlatlarning sunʼiy intellektni rivojlantirish boʻyicha hamkorligi dasturi;

— SHHTga aʼzo davlatlarning tibbiyot tashkilotlari oʻrtasida yuqumli kasalliklarni profilaktika qilish va davolash masalalarida hamkorlik boʻyicha “yoʻl xaritasi”;

— SHHTga aʼzo davlatlar oʻrtasida ustuvor yoʻnalishlardagi ilmiy-texnik hamkorlik boʻyicha harakatlar rejasi (2022-2025-yillarda);

— SHHTda mintaqa ichidagi savdoni rivojlantirish boʻyicha qoʻshma harakatlar rejasi;

— SHHT mamlakatlarining telemeditsina sohasidagi hamkorligi konsepsiyasi;

— SHHT mamlakatlarining “aqlli” qishloq xoʻjaligi va agroinnovatsiyalarni joriy etish sohasidagi hamkorligi konsepsiyasi;

— SHHT va Arab davlatlari ligasi kotibiyatlari oʻrtasida memorandum;

— SHHT kotibiyati va Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha BMT (YUNESKO) oʻrtasida oʻzaro anglashuv toʻgʻrisida memorandum;

— SHHT kotibiyati bilan Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiya (ESKATO) oʻrtasida oʻzaro anglashuv toʻgʻrisida memorandum va boshqa hujjatlar imzolandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?